Erdo‘g‘an va Makron mojarosi: gap faqat dindami?

Olam

image

Dunyo ostun-ustin bo‘lib bormoqda. Bir tarafda urush, ikkinchi tarafda dahanaki jang. Dunyo avvalgidek Rossiya va AQSHdan iborat bo‘lmay qoldi. Kuchlilar ham, ular atrofidagi “o‘yinchi”lar ham ortib bormoqda. Bugun kun tartibida esa Makron va Erdo‘g‘an turibdi. 

NATOning ikki a’zosi o‘rtasidagi tortishuvlar ikki xalqning o‘zaro nafratiga sabab bo‘lmoqda. Albatta, bu tortishuvlar bo‘sh iddaolar ustiga qurilmagan. Fransiya Prezidentining bayonotlari Islom olami bilan bir qatorda bugun o‘zini musulmonlarning himoyachi sifatida ko‘rayotgan Erdo‘g‘anni ham g‘azablantirdi. 

Ayni vaqtda ikki mamlakat rahbarlari qo‘lidagi eng katta kuch va shaxmat doskasidagi eng kuchli o‘yinchi bo‘lgan xalq – piyodalarni ilgari surmoqda. Makron fransuzlarni turk mahsulotlariga boykotga chaqirsa, Erdo‘g‘an ham bu borada xalqidan yordam so‘radi. 

Gap o‘zi nimada?

NATO alyansiga a’zo ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar Suriya urushi paytida Parij o‘z askarlarini Suriyadagi kurd-arab askarlari tomonidan ishg‘ol qilingan hududga joylashtiriganidan keyin yomonlashdi. Anqara o‘z chegaralariga yaqin kurd muxtoriyatining mavjudligini tahdid, deb bilmoqda. Chunki Turkiyaning aynan o‘zida kurd separatistik harakati bemalol ish olib bormoqda. Potensial tarqoq kurd kuchlari bir-birini qo‘llab-quvvatlashga qodir. Turkiya esa Fransiyada kurdlarga yordam beradigan kuchni ko‘rmoqda. 

2020 yilda vaziyatning murakkablashuviga yana bir sabab qo‘shildi. Turkiya Isroil qirg‘og‘ida joylashgan gaz konlarini kashf etganidan so‘ng, o‘z hududiy suvlari yaqinida uglevodorodlarni qidirishga e’tibor qaratdi. Bu uni qo‘shni davlatlar – Gretsiya va Kipr bilan ziddiyatiga olib keldi. Ikkala mamlakat ham turklarni o‘z hududiy suvlariga bostirib kirishda ayblashni boshladi. Fransiyaning O‘rta yer dengizi sharqiy qirg‘og‘iga kirish imkoniga ega emasligiga qaramay, Parij milliy manfaatlarga zid ravishda Afina va Nikosiya tomoniga o‘tdi.

Qarama-qarshiliklarning yana bir nuqtasi – Liviyadagi qurol-yarog‘ embargosiga rioya qilish masalasi bo‘ldi. Fransiya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, turklar BMT tomonidan qo‘yilgan taqiqni buzmoqda. Rasmiy Anqara esa barcha ayblovlarni qat’iyan rad etib kelmoqda.

Hozirgi ziddiyatlarning aniq sababi bormi?

Ha va hatto ikkita. Birinchidan, Yelisey saroyi Turkiya razvedkasining Sharqiy O‘rta yer dengizida olib borgan ishlarini qoralab, ikki oy muddatga mo‘ljallangan ultimatum e’lon qildi: Fransiya garchi o‘ziga xos tahdidlar bildirmasa ham bu vaqt ichida Turkiya tashqi siyosatini o‘zgartirishini kutmoqda.

Ikkinchi sabab – Fransiyada islomiy separatizmga qarshi yangi tahrirdagi qonun loyihasini qabul qilishga tayyorgarlikning boshlanishi bo‘ldi. Erdo‘g‘an Makronning o‘z mamlakatidagi Islom dinining o‘rni haqidagi bayonotlarini (Fransiya Prezidenti "Islom ahkomlarini qayta ko‘rib chiqish”ni taklif qildi) tajovuzkor, deb hisobladi.

Joriy yilning 16 oktyabr kuni Parij chekkasida chechenistonlik Abdallah Anzorov tarix va geografiya o‘qituvchisi Samyuel Patining joniga qasd qildi. So‘z erkinligi darsida Pati shogirdlariga payg‘ambar Muhammad (s.a.v)ning karikaturasini namoyish etdi. Qotillikka javoban Makron diniy tuyg‘ularni haqorat qilish huquqini inson va fuqaroning tabiiy erkinliklarining bir qismi, deb bilishini ma’lum qildi. Fransiya rahbarining so‘zlari Islom dunyosida, xususan, Turkiyada g‘azabga sabab bo‘ldi.

Yevropa hammasini kuzatib turibdi... U bu ishlarga qanday munosabat bildirishi mumkin?

Yevropa balandparvoz bayonotlarga qaramay, Anqara hali so‘zdan amalga o‘tmaganiga e’tibor qaratmoqda. Yevropa komissiyasining rasmiy vakili Erik Mamer shunday fikrlarni bildirib o‘tdi: "Fransuz mahsulotlarini boykot qilishga chaqiriqlar afsuslanarli, ammo biz hali bu yo‘nalishda rasmiy qarorlarni qabul qilmaganmiz. Shuning uchun Yevropa komissiyasining rasmiy javobiga ehtiyoj sezmayapmiz".

Yevropa Ittifoqi Tashqi xizmati vakili Peter Stanoning ta’kidlashicha, "dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan YeI Sammitida Turkiya bilan munosabatlar masalasini muhokama qilish rejalashtirilgan". 

"Agar bunday provokatsiyalar (Erdo‘g‘anning bayonotlari nazarda tutilyapti – tahr.) davom etsa, Yevropa Ittifoqi Anqaraga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqishi mumkin", deya qo‘shimcha qildi Stano.

Germaniya esa Erdo‘g‘anning bayonotlarini qabul qilish mumkin emas, deb hisoblamoqda. Gretsiya ham Fransiyani qo‘llab-quvvatladi.

Vaziyatning yomonlashishi faqat ikki tomongagina ta’sir ko‘rsatadimi?

Shunday ehtimol ham yo‘q emas. 25 oktyabrda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon Fransiyani Islom diniga nisbatan hurmatsizlik qilganlikda aybladi. Erdo‘g‘an fransuz mahsulotlarini boykot qilishga chaqirmasidan avval ham, Quvayt chakana savdo tarmoqlari ushbu cheklovlarni allaqachon tasdiqlagan va qo‘llagan edi.

25 oktyabr, yakshanba kuni fransuz tovarlarini boykot qilishga chaqiruvchi xeshteg Saudiya Arabistonining tvitosferasida ikkinchi o‘rinni egalladi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Turkiya Erdo'g'an Makron

Baholaganlar

468

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing