Litva 5 ming kishini armiyaga jalb qilmoqchi
Olam
−
03 dekabr 1505 2 daqiqa
Kecha, 2 dekabr kuni Litva Mudofaa vazirligi 2026 yilda 5 mingga yaqin yigit majburiy harbiy xizmatga chaqirilishini ma’lum qildi.
Keltirilishicha, mamlakatning amaldagi “Harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, 18 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan yigitlar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Oliy ta’limga o‘qishga kirganlar uchun harbiy xizmatni kechiktirish mumkin. Ixtiyoriy xizmatdan 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan Litva fuqarolari foydalanishlari mumkin. Chaqiruv yil davomida, ya’ni 2 yanvardan 31 dekabrgacha bo‘lib o‘tadi.
Litva Mudofaa vazirligining rejalariga ko‘ra, 3870 nafar yigit to‘qqiz oyga majburiy dastlabki harbiy xizmatga chaqiriladi, yana 90 nafar talabchan kasblarga ega bo‘lgan yigit esa uch oy muddatga xizmat qiladi. 450 nafar yigit 90-120 kunlik boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi, 650 nafar chaqiriluvchi kichik ofitserlar tayyorlash bo‘yicha 200 kungacha xizmat qiladi.
Muddatli harbiy xizmatga chaqiruv dasturini 2026 yilda kengaytirish rejalashtirilgan. Litva Mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, yangi yo‘nalishlar qatorida maxsus operatsiyalar kuchlarida xizmat ko‘rsatish ham mavjud bo‘ladi, ular orasida parashyutlar tayyorlash kurslari, uchuvchisiz samolyotlar operatori tayyorlash va suv havzalari bo‘yicha maxsus treninglar bor. Axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik va radioaloqa bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash dasturi ham saqlanib qoladi.
Ma’lumot o‘rnida, Litva 2015 yilda majburiy harbiy xizmatni tikladi va har yili 3500 ga yaqin kishi harbiy xizmatga chaqiriladi. Majburiy xizmatni tugatgandan so‘ng, ular zaxiraga o‘tadi. 2024 yilda Litva Seymi “Harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlarni ma’qulladi. Bu esa yigitlarni maktabni tugatgandan so‘ng darhol harbiy xizmatga chaqirishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada ixtiyoriy harbiy xizmat joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Ixtiyoriy xizmatga borganlar 10 oy xizmat qiladi va buning uchun haq oladi. Makronning aytishicha, ixtiyoriy xizmatga borganlarning Ukrainadagi jangovar harakatlar hududiga yuborilish xavfi yo‘q.
Live
Barchasi