“Vaziyat xavotirli tus olyapti” – SSV o‘zbekistonliklarni chetga chiqish bo‘yicha ogohlantirdi
Jamiyat
−
27 yanvar 2020
8092So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda yangi koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 80 nafardan, kasallanganlar soni esa 2400 nafardan oshgan. Xubey provinsiyasi va uning ma’muriy markazi Uxan shahrida zararlanishning eng ko‘p holati qayd etilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
"Koronavirus bo‘yicha yuzaga kelgan murakkab epidemik vaziyat dunyo miqyosida xavotirli tus olmoqda. Rivojlangan davlatlar, jumladan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tailand, Vetnam, Singapur, Tayvan, Fransiya va AQSHda ham ushbu virus aniqlangan. Ushbu epidemik vaziyatga qarshi yurtimizga kerakli barcha choralar ko‘rilmoqda. Xususan, havo, avtomobil va temir yo‘l transporti ob’ektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda. Xitoydan qaytayotgan fuqarolarga tibbiy nazorat o‘rnatilgan. Ammo bu xavfsizlikni to‘liq kafolatlaydi, degani emas. Negaki, koronavirus infeksiyasi havo tomchilari orqali o‘tishi, insondan insonga yuqishi, shuningdek, kasallikning yashirin davri 1 – 14 kungacha kechishi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois fuqarolarimizdan Xitoyga, zarurat bo‘lmaganda, boshqa xorijiy davlatlarga ham vaqtinchalik bormaslikni tavsiya qilaman", deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.
Qayd etish joizki, O‘zbekistonda mavsumiy gripp kasalligi va koronavirus infeksiyasi bo‘yicha tizimli ravishda epidemik nazorat yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda respublikada koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi kuzatilmoqda. Xitoydan va boshqa chet davlatlardan ushbu infeksiyaning kirib kelish holatlari qayd etilmadi. O‘zbekistonda epidemik vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muayyan profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, unga asosan, vazirlik va hududlarda sohaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda shtablar tashkil etilgan.
Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemorlar uchun Virusologiya ilmiy tekshirish va Emidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutlari klinikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining yuqumli kasalliklar shifoxonalarida maxsus boks palatalari, ular uchun tegishli dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyalari hamda hududlardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bosh vrachlariga chet davlatlarda kuzatilayotgan koronavirusning yangi turi bilan bog‘liq murakkab epidemik vaziyat bo‘yicha hushyorlikni oshirish va bu kasallikning respublika hududiga kirib kelishining oldini olish borasida chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish to‘g‘risida tavsiya va topshiriqlar berilgan.
Shuningdek, vazirlik tomonidan “O‘zbekturizm” agentligiga koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar zarurat bo‘lmagan hollarda Xitoyga o‘zbekistonlik sayyohlarni yubormaslik to‘g‘risida ham tavsiya berildi.
LiveBarchasi