Byudjet mablag‘lari bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘payyapti – Aksilkorrupsiya agentligi
Intervyu
−
11 mart 2022
95462016 – 2017 yillar O‘zbekistonda 48 ta davlat organi bo‘lgan. Bugungi kunda esa bu ko‘rsatkich 95 taga yetib, organlar soni 91 foizga oshganini ko‘rsatmoqda. Vazirlik va turli agentliklarda ishlovchi xodimlarning lavozim yo‘riqnomalaridagi vazifalari esa deyarli bir xil. Kundan kunga shu kabi davlat tashkilotlarining ko‘payishi korrupsiyaga yo‘l ochib bermaydimi?
Kecha, 10 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining jamoatchilik oldidagi hisoboti yuzasidan o‘tkazilgan anjumanda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ushbu savolga quyidagicha javob berdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda karikatura tarqaldi. Unda “Korrupsiya = Byudjet”, deb yozilgan edi. Men shunga to‘liq qo‘shilaman. Byudjetda qancha pul ko‘p bo‘lsa, shuncha korrupsiya omili ko‘p bo‘ladi. E’tibor berib qarasak, pora olish yoki berish ko‘paymagan, aksincha, davlat byudjet mablag‘lari bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘payyapti. Sog‘liqni saqlash yoki ta’lim tizimida byudjet mablag‘laridan samarasiz foydalanish holatlari ko‘paymoqda.
Byudjet – bu davlat. Davlatdan davlat xizmatchisi yoki boshqasiga, qancha ko‘p pul ajratilsa, korrupsiya xavfi ham darajasi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Ma’muriy islohotlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmasa, davlat boshqaruvda to‘g‘ri tizim bo‘lmasa, korrupsiya ham avj oladi”, deydi Burhonov.
Shuningdek, u so‘zida davom etib, 2021 yil Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan davlat ma’muriy boshqaruv sohasida islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan farmoyishi haqida gapirdi.
“Xabaringiz bor, o‘tgan yili davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” alohida farmoyishlari qabul qilindi. Biz ham o‘z yo‘nalishimiz bo‘yicha ishchi guruhdamiz. Takliflar ishlab chiqilgan. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda jamoatchilikka ham e’lon qilinadi.
Adliya vazirimiz ham davlat organlarini qisqartirish kerakligi, optimizatsiya masalasida ko‘p aytadilar. Bu bo‘yicha ish olib borilyapti. Eng asosiysi, dekabr oyida davlat rahbaridan topshiriq olingan.
Ko‘p sohalarda bir-birini takrorlash bor. Bir-birini takrorlash bo‘lganidan keyin, ham statistikada tushunmovchilik bo‘ladi, ham byudjetga zarar. Byudjetdan ko‘p sarflangandan keyin korrupsiyaviy omillar ham bo‘ladi. Bu bo‘yicha ishlar boshlangan”, deydi Burhonov.
Eslatib o‘tamiz, ushbu anjumanda 2021 yil O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trln 282 mlrd miqdorda moddiy zarar yetkazilgani haqida ma’lum qilingan edi.
LiveBarchasi