Byudjet-2021: kelasi yilda 5,5 mlrd dollar qarz olish rejalashtirilyapti

Jamiyat

image

2021 yildan boshlab tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga rejalashtirilayotgan xarajatlar konsolidatsiyalashgan byudjet tarkibiga kiritish taklif qilinmoqda. Bu haqda “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasiga keltirilgan sharhda aytib o‘tilgan.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 83-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 2021 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi, konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari prognozi, birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari, O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga ajratilayotgan tartibga soluvchi transfertlar, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tushumlari va xarajatlari prognozlari o‘z aksini topgan va 2022 – 2023 yillar uchun byudjet mo‘ljallari belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 18 ta modda va 10 ta ilovadan iborat.

Makroiqtisodiy siyosatning 2021 yil uchun asosiy yo‘nalishlari va ko‘rsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi taxminlaridan kelib chiqib shakllantirildi.

Bunda asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga, fiskal rag‘batlantirish choralarini mo‘’tadillashtirib borishga, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini 5 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlashga qaratiladi.

Qator xalqaro moliya institutlari hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilda mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish sur’ati 5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulotning ko‘zlangan o‘sish sur’atlari sanoatda ishlab chiqarishni 5,8 foizga, xizmatlar sohasida 6,4 foizga, qishloq xo‘jaligida 2,7 foizga o‘sishi hisobiga ta’minlanishi prognoz qilinmoqda (Qonun loyihasining 2-ilovasi).

Inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasi davom etib, 2021 yilda inflyatsiya darajasi 10 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Mazkur rivojlanish ko‘rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishiladi. 

Davlat byudjetining parametrlari quyidagi asosiy fiskal maqsadlardan kelib chiqib ishlab chiqilgan:

•    2020 - 2021 yillarda tashqi talabning qisqarishi va global iqtisodiy faollikning sekinlashuvi sharoitida iqtisodiyotdagi yalpi talabni rag‘batlantirish, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini, investitsiyaviy jozibadorlikni, ishbilarmonlik faolliyatini, eksportni rag‘batlantirishga qaratilgan soliq - byudjet siyosatini davom ettirish;
•    Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va Davlat qarzini miqdorini halqaro standartlarga muvofiq mo‘’tadil darajada ushlab turish, konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini o‘rta muddatda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 foizdan kam darajaga tushirish;
•    davlat byudjeti daromadlari barqaror o‘sishini va soliq solishning adolatlilik tamoyilini ta’minlash va soliq imtiyozlarini tartibga solish; 
•    Davlat byudjetini ijtimoiy yo‘naltirilganligini saqlab qolish, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan muhim dasturlarni moliyalashtirish, koronavirus pandemiyasi xavfi saqlanib qolayotgan holatda unga qarshi kurashish uchun zarur mablag‘larni shakllantirish;
•    ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiya va nafaqalarni o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirish va ularning inflyatsiya darajasidan past bo‘lmagan miqdorda o‘sishini ta’minlash;
•    aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoyaning manzilliligini kuchaytirish;
•    suv va yer resurslarini saqlash, ulardan samarali foydalanish, energiya resurslarini tejash, tabiatni va atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan va boshqa muhim davlat dasturlarini moliyalashtirish;
•    byudjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish yo‘li bilan davlat xarajatlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish;
•    mahalliy byudjetlarning daromadlar bazasini o‘stirishga hamda xarajatlarini samaradorligini rag‘batlantirishga qaratilgan byudjetlararo munosabatlarni yuritish;
•    byudjet shaffofligini oshirish hamda byudjet qamrovini to‘liqligini ta’minlash.

Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, 2021 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 147,0 trln. so‘m, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olmagan holda 149,7 trln. so‘m miqdorida (Qonun loyihasining 1-ilovasi);

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,2 trln.so‘m miqdorida, xarajatlari esa 40,7 trln. so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda, Davlat maqsadli jamg‘armalariga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 15,9 trln. so‘m transfertlar ajratish belgilangan (Qonun loyihasining 3-ilovasi).

Xususan, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 23,5 trln. so‘m, xarajatlari 36,5 trln. so‘mni tashkil etgan holda Davlat byudjetidan 14,7 trln. so‘m miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda (Qonun loyihasining 3-ilovasi 3-bandi).

Buning natijasida kelgusi yilda Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari 17,2 trln. so‘m yoki prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foiz miqdorida taqchillik bilan rejalashtirilgan (Qonun loyihasining 1-ilovasi V band).

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tushumlari 5,3 trln. so‘mni xarajatlari esa 13,4 trln. so‘mni tashkil etishi kutilmoqda (Qonun loyihasining 3-ilovasi).

Davlat moliyasini boshqarishning halqaro standartlariga muvofiq byudjet qamrovini oshirish hamda to‘liqligini ta’minlash maqsadida, 2021 yildan boshlab tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga rejalashtirilayotgan xarajatlarni konsolidatsiyalashgan byudjet tarkibiga kiritish taklif qilinmoqda. 2021 yilda ushbu xarajatlar 12,1 trln. so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda (Qonun loyihasining 10-moddasi hamda 1-ilovasi).

Misol uchun, 2021 yilda shoshilinch tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish uchun Jahon bankidan 31,5 mln. AQSH dollari, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami faoliyatini takomillashtirish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 25,2 mln. AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘larini hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar konsolidatsiyalashgan byudjetda o‘z aksini topgan. 

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining (Davlat byudjeti, Davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar bilan birga) yuqori chegarasi 37,4 trln. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foiz miqdorida belgilangan holda joriy yil yakuni bilan kutilayotgan konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligiga nisbatan 1,6 foiz bandga past bo‘lishi rejalashtirmoqda (Qonun loyihasining 1-ilovasi).

Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalarining taqchilligi Davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish hamda byudjetlarning yil boshiga qoldiq mablag‘lari hisobidan, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining taqchilligi jamg‘armaning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

3. O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining jami xarajatlari Qonun loyihasining 5-ilovasida 56 ta birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilari (vazirlik va idoralar) kesimida tasdiqlanmoqda.

Bunda Davlat dasturlarining rejalashtirilgan davlat xarajatlari bilan uyg‘unligini ta’minlash, ularni ijrosi bo‘yicha jamoatchilik va Parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida, Qonun loyihasida, ilk bora, birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilari byudjetida Davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar alohida ko‘rsatilmoqda.

Misol uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy xarajatlari qatorida 19 ta Davlat dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lar alohida ko‘rsatilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromad va xarajatlari Qonun loyihasining 6-ilovasiga muvofiq ma’lumot uchun qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 27-moddasiga muvofiq, mahalliy byudjetlarning xarajatlari xududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilari kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mustaqil ravishda shakllantiriladi hamda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

4. Moliya yili yakuniy sanasi holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzi qoldig‘ining miqdori joriy yil yalpi ichki mahsulotiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi belgilab qo‘yilmoqda (Qonun loyihasining 10-moddasi).

Bunda, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida ichki va tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi 5,5 mlrd. AQSH dollari (5 mlrd. AQSH dollari – tashqi, 0,5 mlrd. AQSH dollari – ichki qarz), shundan, Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun -2,2 mlrd. AQSH dollari (shu jumladan, ichki qarz – 5 trln. so‘m), investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 3,3 mlrd. AQSH dollari miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda.

5. Qonun loyihasining 14 - moddasiga muvofiq byudjet jarayonining shaffofligini yanada oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilari kesimida Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar va ularni ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, O‘zbekiston Respublikasining Davlat qarzi holati va dinamikasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vazirlikning rasmiy veb-saytiga;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi soliq va bojxona imtiyozlari ro‘yxatini hamda taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlarining miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq to‘lovchilar kesimida o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

6. O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunida ko‘rsatilgan ayrim normalar doimiy xarakterga ega bo‘lganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining Soliq va Byudjet kodekslariga o‘tkazilayotganligi sababli “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasida aks ettirilmagan.

 Xususan, aksiz solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalari Soliq kodeksining tegishli qismlariga o‘tkazilayotganligi sababli Qonun loyihasiga kiritilmagan.

Shuningdek, Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlariga ayrim soliqlar bo‘yicha pasayib boruvchi yoki o‘sib boruvchi koeffitsiyentlarni belgilash huquqini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘tkazilayotganligi sababli ushbu normalar Qonun loyihasida ko‘zda tutilmagan.

Qonunning 12-moddasida soliqlar va soliqsiz tushumlarning byudjet bo‘g‘inlari o‘rtasida taqsimlanish qoidalari ko‘rsatib o‘tilgan va joriy yildagi tartib saqlanib qolgan. 


Maqola muallifi

Teglar

byudjet

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing