O‘zbekistonning byudjet taqchilligi oshyapti. Tashqi qarzi ham
Tahlil
−
31 Oktabr
12456So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda davlat byudjeti taqchilligi keskin o‘sib bormoqda. Masalan, joriy yil yanvar-mart oylarida O‘zbekiston byudjeti xarajatlari daromadlaridan 17,7 trillion so‘mga ko‘p bo‘lgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda 6 trln ga ko‘p degani.
Joriy yilning 3-choragi holatiga ko‘ra, taqchillik 37,3 trillion so‘mdan oshdi va bu yil yakunigacha naqd 55 trln ga yetishi mumkin. Xo‘sh, buning sababi nimada? Nima uchun O‘zbekistonda byudjet taqchilligi oshishda davom etmoqda? Hukumat bu trillionlarni nimaning hisobiga qoplamoqchi? Yaqinlashayotgan 2025 yilda O‘zbekistonning moliyaviy holati qanday bo‘ladi?
29 oktyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya va iqtisodiyot vazirligining rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ma’lum qilinishicha, vazirlik byudjet taqchilligining unchalik tashvishda emas. Vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning aytishicha, taqchillik aslida oshmayapti, aksincha kamaymoqda. Vazirlik 2025 yilda O‘zbekiston Respublikasining byudjet taqchilligini 55 trln dan 49,3 trln so‘mga kamaytirmoqchi. Lekin bunga ishonmang. Chunki byudjet taqchilligi Moliya va iqtisodiyot vazirligi mo‘ljallaridan doimo oshib ketaveradi. Masalan, vazirlik 2024 yilda taqchillikni 52 trln dan oshirmaslikni mo‘ljal qilgandi. Ammo yuqorida eshitganingizdek, raqamlar allaqachon undan yuqori. 2023 yilda esa O‘zbekistonning byudjet taqchilligi Moliya vazirligi mo‘ljalidan naqd 27 trln so‘m oshib ketgandi. Yil boshlanmasidanoq davlat byudjeti taqchilligi borasida ijobiy prognozlar qilib, ammo yilni doimo salbiy raqamlar bilan yakunlovchi vazirlik mana shu trillionlarni nimaning hisobiga qoplamoqchi?
Tashqi qarz
Byudjet taqchilligi asosan tashqi qarz hisobiga qoplanar ekan. Bu esa o‘z-o‘zidan mamlakat tashqi qarzining oshishini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning tashqi qarzi ham keskin oshishda davom etmoqda. 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi ilk marta 37 milliard dollardan oshgan. Bu raqamni agar 2017 yil bilan solishtirsak, miqdor 3 barobarga ko‘payganini ko‘rish mumkin. 2024 yil yakunida esa bu raqam yana oshadi. 39,7 mlrd dollar. 2025 yilda esa davlat tashqi qarzi 45 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.
Moliya va iqtisodiyot vazirligi davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizlik makroiqtisodiy xavfsiz darajadan oshib ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘rishni va’da qilmoqda. Ha, tashqi qarz miqdori oshmoqda. Biroq O‘zbekistonga kirib kelayotgan investitsiyalar oqimi pasayyapti. Vazirlikning o‘z hisobotiga ko‘ra, mintaqadagi investitsion o‘sish global moliyaviy inqirozdan oldingi ko‘rsatkichlardan ancha sekin.
Inflyatsiya
Moliya va iqtisodiyot vazirligi hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda narxlar yana oshadi. Agar 2023 yilda inflyatsion kutilmalar 8,8 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yil yakunigacha bu 9,5-9 foizga yetadi. Biroq Moliya va iqtisodiyot vazirligi 2025 yilda inflyatsiyani 7 foizga qisqartirishni maqsad qilgan.
Soliqlar
Keyingi yilda soliqlar oshadimi? Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev byudjet taqchilligining oshishiga aholining soliqlar to‘lamayotgani, tadbirkorlar esa soliq to‘lamaslik uchun turli hiylalardan foydalanayotgani sabab bo‘layotganini aytdi. Shu sababli ham yaqinda soliq to‘lamaganlar uchun reyd boshlanadi. Ogoh bo‘ling.
Mirzayev 2025 yilda asosiy soliqlar oshmasligiga va’da beryapti. Ammo vazirlik suvni isrof qilishni kamaytirish maqsadida avtomobillarni yuvishda ishlatiladigan suv uchun soliq stavkasini qayta ko‘rib chiqmoqchi. Endilikda mashinani yuvishga ketgan 1 kub metr suv uchun iste’molchilar 15 ming so‘mdan pul to‘lashi mumkin. Taqqoslash uchun, bugungacha avtotransport vositalarini yuvish uchun ishlatilgan suvning bir kub metri uchun 2410 so‘mni tashkil etayotgan edi.
Shuningdek, 2025-2026 yillarda soliq va bojxona imtiyozlarini bermaslik, bekor qilinganlarini qayta tiklamaslik bilan bog‘liq bo‘ladi.
Yuqoridagilarning barchasiga qaramay, Moliya va iqtisodiyot vazirligi O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sayotganini bildirmoqda. 2024 yilda Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, 5,6 foizni tashkil qilgan iqtisodiy o‘sish 2025 yilda 5,7 foizga yetadi. Mamlakatning o‘zi esa iqtisodiy o‘sishni 6 foiz deya baholamoqda.
Geosiyosiy xatarlar
Ammo moliya va iqtisodiyot vazirligi O‘zbekiston iqtisodiyotiga tashqi geosiyosiy xavf-xatarlar ta’sir qilishidan xavotir bildirmoqda. Masalan, davom etayotgan geosiyosiy ziddiyatlar, savdo kelishmovchiliklari va global ta’minot zanjiridagi uzilishlar. Shuningdek, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti sekinlashadi.
Shuningdek, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda mehnat unumdorligi pasaymoqda. So‘nggi o‘n yil ichida mintaqada unumdorlikning zaif o‘sishi daromadni sekinlashtirmoqda.
LiveBarchasi