Bo‘zsuvga 18 ta korxonadan kimyoviy ifloslangan suv oqizilayotgani aniqlandi

Jamiyat

image

“Bo‘zsuv oqova suv tozalash” inshootiga Toshkent shahrida joylashgan 18 ta korxonadan yuqori konsentratsiyada ifloslangan, kimyoviy moddalari mavjud bo‘lgan oqova suvlar oqizib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Bo‘zsuv oqava suv tozalash” inshootiga kelib tushayotgan oqova suvlarning tarkibi, ularning tozalanishi hamda “Quyi Bo‘zsuv” kanaliga quyilishida amaldagi tartib va normativlarga rioya etilishi ahvoli Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari ishtirokida o‘rganilgan.

O‘rganishda tozalash inshootiga Toshkent shahrida joylashgan 18 ta (15 ta tekstil va 3 ta qushxona) tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan oqova suv tarmog‘iga yuqori konsentratsiyada ifloslangan, kimyoviy moddalari mavjud bo‘lgan oqova suvlar oqizib kelinayotgani aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, “Bo‘zsuv oqova suv tozalash” inshooti kelib tushgan oqova suvlarni biologik tozalashga mo‘ljallangan bo‘lib, unda oqova suvlarni kimyoviy va fizikaviy tozalash imkoniyatlari mavjud emas.

“Oqizilayotgan oqovalarda me’yorga nisbatan azot ammoniy konsentratsiyasi, azot nitrit, kislorodning biologik iste’moli, kislorodning kimyoviy iste’moli, neft mahsulotlari, fosfor, temir va xrom ortiqcha ekani oqibatida, inshoot atrofidagi havoda vodorod sulfidi miqdori me’yordan oshib ketib, ifloslangan suvdan badbo‘y hid tarqalayotgani hududda yashovchi aholining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Bosh prokuratura qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ tomonidan muqaddam berilgan ogohlantirish va laboratoriya tahlil natijalari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etmaganlarga nisbatan ichimlik va oqova suvi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Bo'zsuv ifloslangan suv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing