Toshkentda 16 yoshli bola Yuqori Bo‘zsuv kanalida cho‘kib ketdi (video)
3-sahifa
−
21 iyul 6527 2 daqiqa
Bugun, 21 iyul kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida cho‘milish maqsadida Bo‘zsuv kanaliga borgan 16 yoshli bola cho‘kib ketdi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 14:07 da Toshkent shahar FVBBga Yunusobod tumani, Yuqori Bo‘zsuv ko‘chasi hududidan oqib o‘tuvchi Yuqori Bo‘zsuv kanalida bir nafar fuqaro cho‘milish maqsadida suvga tushib, ehtiyotsizligi oqibatida cho‘kib ketgani haqida xabar kelib tushgan.
Qayd etilishicha, hodisa joyiga Toshkent shahar FVBB Maxsus-qutqaruv otryadining g‘avvos-qutqaruvchilari hamda tegishli mas’ul tashkilotlar yetib borib, suvda taxminan 4 soat qidiruv ishlarini olib borgan.
Shundan so‘ng, qidiruv ishlari natijasida fuqaroning jasadi soat 18:35 da cho‘kkan joyidan taxminan 100 metr uzoqlikdan topilib, tegishli xizmatlarga topshirilgan.
Qayd etish joiz, so‘nggi kunlarda poytaxtdagi jazirama o‘zining avj pallasiga ko‘tarilgan. Anomal issiq havo sharoitida hududda yashovchi aholi turli salqinlash choralariga muhtojlik sezishi esa tabiiy holat.
Biroq mutaxassislar va shahar faollarining ta’kidlashicha, Toshkent hududida cho‘milish va suzish uchun mo‘ljallangan ba’zi elegant va pullik hovuzlarni aytmaganda, oddiy aholining anomal issiq sharoitida ehtiyojlarini qondirishi mumkin bo‘lgan erkin va xavfsiz suzish havzalari yo‘qligi ham turli ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida sun’iy hovuzga cho‘milishga tushgan 3 nafar voyaga yetmagan qiz cho‘kib ketib, vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi