Buyuk ketishlar yoxud “tozalangan” “Real” va Zlatansiz qolgan futbol

Sport

image

Dunyo futbolida muxlislarni hayratda qoldiradigan voqeliklar sodir bo‘lishda davom etmoqda. Bugunga kelib taniqli futbolchilarning amaldagi klubini tark etgani e’tibor markaziga chiqdi.

Gap shundaki, 2022/2023 yilgi mavsum yakuniga kelib bir qancha nomdor futbolchilar amaldagi jamoalarida o‘ynashdan bosh tortdi yoki ko‘proq pul taklif qilgan boshqa klub bilan muzokaralarga kirishdi.

Arab shayxlari Messi va Ronaldu to‘qnashuvini o‘z uyida ko‘rish xohishi bilan yonib-kuyayotgan bir vaqtda, Benzema “Al-Ittihod” bilan shartnoma imzoladi.

Buning ortidan Saudiyaning “Al-Hilol” klubi delegatsiyasi hujumchi Messi bilan shartnoma imzolash masalasini yakuniga yetkazish uchun Parijga yetib keldi va delegatsiya vakillari yaqin 48 soat ichida Messi bilan shartnoma imzolashga umid qilmoqda. 

Qayd etish joiz, “Al-Hilol” bergan yangi taklif Messining otasiga juda  yoqib tushgani aniq. Axir gap ikki yil ichida 1,2 milliard yevro ishlab olish haqida ketmoqda. Endi Messining otasi Leoni ko‘ndirsa bo‘ldi.

Fransiyaning PSJ klubi birin-ketin katta maosh oladigan futbolchilardan umidini uza boshladi. Navbat 31 yoshli braziliyalik Neymarga yetib keldi. Shartnomasi 2025 yilgacha mo‘ljallangan Neymar klub bilan xayrlashish niyatida ekanini aytdi. 

Taniqli insayder Ekrem Konurning ma’lum qilishicha, braziliyalik futbolchi faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirishni rejalashtirmoqda.

Saudiya klublaridan birining 400 million yevrolik taklifini uzil-kesil rad etgan futbolchiga bunga qadar “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted”, “Chelsi” va “Nyukasl” qiziqish bildirgan. Jamoalarning vakillari esa transfer masalasini muhokama qilishga tushgan.

Shuningdek, joriy mavsum oxirida shartnomasi o‘z nihoyasiga yetadigan ispaniyalik 37 yoshli futbolchi Serxio Ramos PSJdan ketadi. Bu haqda Fransiya klubi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Jurnalist Fabritsio Romanoning ta’kidlashicha, Saudiya ligasi klublari erkin agentga aylanadigan Ramosga yaxshigina taklif bilan chiqqan. 

Saudiyalik “ovchilar” kelasi mavsumni ko‘zlagan maqsadlariga erishgan holda boshlaydigan bo‘lsa, har bir yulduz o‘yinchi uchun sarflangan pullar 10 baravari bilan futbolka biznesi ortidan shayxlar cho‘ntagiga qaytadi.

Ispaniyalik yarim himoyachi Marko Asensio ham “Real Madrid”ni bu yozda erkin agent sifatida tark etadi. Bu haqda “qaymoqranglilar” rahbariyati rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

“Qirollik klubi”  ispanyalik futbolchini qolishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi, ammo Asensio o‘yinni o‘tirib tomosha qilishni yoqtirmasligini bildirdi. Misol uchun u faoliyati davomida bo‘lib o‘tgan “El-klasiko”larda umumiy hisobda 1080 daqiqani zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazgan. 

Shu vaqtga qadar Asensioga “Chelsi”, “Liverpul” va “Aston Villa” klublari qiziqish bildirgan. Uning o‘zi esa allaqachon PSJ bilan og‘zaki shartnomaga erishib ulgurgan.

La Liganing 38-turida “Real Madrid” va “Atletik” bellashuvida penaltidan gol kiritgan Benzema bu klub uchun so‘nggi sovg‘asi ekanini aytib, jamoa va muxlislar bilan xayrlashdi. 

“Futbol Zlatandan iste’foga chiqdi”. Shvetsiyalik 41 yoshli futbolchi Zlatan Ibragimovich hamma kabi boshqa klubga emas, balki oilasi bag‘riga transferni amalga oshirdi. 

Kecha, 4 iyun kuni tunda Italiya A Seriyasining 38-turida “Milan” “Verona” klubini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘yin yakunlanganida Ibragimovich muxlislari bilan xayrlashdi.

U hech qachon o‘z uslubidan chetga chiqqan emas. Xayrlashuv nutqida ham “Hayqirishda davom etinglar, sizning eng katta yutug‘ingiz bugun meni ko‘rib turganingiz”, deydi Ibragimovich.

Ma’lumot uchun, “qariya” faoliyati davomida 511 ta gol urgan, 2 marta Niderlandiya, 7 marta Italiya, 4 marta Fransiya va 1 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan. 

Haqiqatdan ham chiroyli yakun, ajoyib ketish. Chunki bir futbolchi maydonda nimalar qilishi mumkin bo‘lsa, Ibragimovich undan ortig‘ini bajardi. U futbolga kirib kelganda tug‘ilganlar hozirda La Liga va APLni gullatib yuribdi.

Muhsinjon Umurzoqov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Serxio Ramos Marko Asensio Messi Zlatan Ibragimovich

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing