Buyuk Britaniya xorijdan kelganlar uchun 14 kunlik karantinni qisqartirdi
Olam
−
24 noyabr 2020
1823Buyuk Britaniyaga xorijiy davlatlardan kelgan yo‘lovchilar uchun 14 kunlik karantin 5 kungacha qisqartirildi. Bu haqda mamlakat Transport vazirligiga tayanib xabar berilgan.
Transport vaziri Grant Shappsga ko‘ra, 15 dekabrdan boshlab mamlakatga keluvchilar o‘zlarini 5 kun yakkalagandan so‘ng COVID-19 ga test topshirishi mumkin. Agar natija manfiy bo‘lsa, ular karantindan chiqishi mumkin bo‘ladi.
Mamlakatga tashrif buyurganlar tahlilni o‘zlari izolyatsiya qilingan joyda yoki xususiy klinikalardan birida o‘z hisoblaridan topshiradi.
Buyuk Britaniyaga kelganlar uchun majburiy karantin talablari iyun oyidan boshlab joriy qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 16 noyabr kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson koronavirus sababli yana o‘zini yakkalash rejimiga o‘tgandi.
Angliyada koronavirus tarqalishi tezlashgani sababli 5 noyabrdan 2 dekabrgacha yangi cheklovlar amal qilishi e’lon qilingani haqida xabar bergandik.
Ma’lumot o‘rnida, Buyuk Britaniyada koronavirusga chalinganlar 1,53 milliondan oshib ketgan. 55 ming 230 nafar bemor virus qurboni bo‘lgan.
LiveBarchasi