Buyuk Britaniya Alisher Usmonov kompaniyasi va Karimovlar oilasiga sanksiya kiritdi
Olam
−
12 aprel 2023
22517Buyuk Britaniya hukumati Alisher Usmonovga tegishli USM xoldingi va bir qator rossiyalik yuqori elita vakillariga sanksiya kiritdi. Ular orasida Yevtushenkovlar, Karimovlar va Viktor Medvedchukning rafiqasi ham bor. Bu haqda Britaniya hukumatining saytida yangilangan sanksiyalar ro‘yxatida aytilgan.
Unga ko‘ra, ukrainalik siyosatchi Viktor Medvedchukning rafiqasi Oksana Marchenko, shuningdek, rossiyalik tadbirkor Vladimir Yevtushenkovning rafiqasi Natalya Yevtushenkova hamda uning farzandlari Feliks Yevtushenkov va Tatyana Yevtushenkovalarga nisbatan cheklov choralari qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, senator Sulaymon Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan Buyuk Britaniyaga kirishni taqiqlash, trast xizmatlarini ko‘rsatish hamda aktivlari aniqlangan taqdirda ularni muzlatish kabi cheklovlar joriy etilgan. Buyuk Britaniya hukumati tadbirkor Alisher Usmonovga aloqador Rossiyaning “USM Holdings Limited” kompaniyasini ham qora ro‘yxatga kiritdi.
Shuningdek, Sulaymon Karimovga aloqadorligi aytilayotgan Shveysariyada yashovchi rossiyalik Narimon Gadjiyev va Davlat dumasi deputati Andrey Skochning qizi Varvara Skochga nisbatan cheklov choralari qo‘llangan. Qirollik Usmonovga aloqador bo‘lgan Britaniyaning “Curzon Square Limited” va “Hanley Limited” kompaniyalari hamda sanksiyaga uchragan tadbirkor Roman Abramovichga aloqador bo‘lgan Kiprning “Meritservus HC Limited” firmasini ham ro‘yxatga qo‘shgan.
Ma’lum qilinishicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxati 11 pozitsiyaga kengaytirilgan, biroq qayd etilgan jismoniy va yuridik shaxslardan tashqari, ikkita kiprlik fuqarolar ham bor.
Hammasi bo‘lib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatida 1559 nafar jismoniy va 184 nafar yuridik shaxs bor. Ularning katta qismi Rossiyaning Ukrainaga urushi fonida mazkur qora ro‘yxatdan joy egallagan.
LiveBarchasi