Buyuk Britaniya Afg‘oniston masalasida nimadan xavotirda ekanini ma’lum qildi 

Olam

image

Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollesning fikriga ko‘ra, Afg‘onistondan xorijiy koalitsiya qo‘shinlari chiqib ketganidan keyin mamlakatda terrorizm jinoyati ko‘payishi mumkin. Bu haqda “The Times” nashri xabar bergan.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish qarori bilan qirollikni va boshqa NATO ittifoqchilarini afg‘on missiyasini davom ettirish masalasida “juda qiyin ahvolga” tushirib qo‘ygan. 

Parlamentdagi nutqi paytida vazir Buyuk Britaniya ham kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni hisobga olgan holda o‘z qo‘shinlarini olib chiqish yo‘lida ekanini aytgan. Uollesning qo‘shimcha qilishicha, Britaniya Afg‘oniston hukumati bilan hamkorlikni davom ettiradi. 

Avvalroq, Angliya Afg‘onistonda kichik harbiy kontingentini saqlab qolish niyatida ekanini ma’lum qilgandik. Britaniya o‘z harbiylarini qoldirgan taqdirda ularning vazifasi afg‘onistonlik hamkasblarini o‘qitish va afg‘on armiyasi saflarida maslahatchi sifatida xizmat qilishdan iborat bo‘ladi. 

Faollashgan "Tolibon"

Joriy yilning 1 may kuni AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Amerika va NATO kuchlari Afg‘onistondan ketishni boshlaganidan beri 50 dan ortiq tumanni o‘z nazorati ostiga olgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

Kecha, 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Britaniya

Baholaganlar

161

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing