Bo‘ysunmas Panjsher va “Tolibon” o‘rtasida muzokara boshlandi — OAV
Olam
−
22 avgust 2021
20729Afg‘onistonning Panjsher viloyatida “Tolibon”ga qarshi kuchlarga rahbarlik qilayotgan Ahmad Mas’ud toliblar bilan inklyuziv hukumat tuzish borasida muzokaralarni boshladi. Bu haqda TASS yozmoqda.
“Ayni paytda Ahmad Mas’ud va “Tolibon” o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda. Inklyuziv hukumat tuzish va siyosiy qarama-qarshiliklarni bartaraf etish haqida so‘z bormoqda. Muzokaralar natijalari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q”, deydi nashr manbasi.
Bundan tashqari, u ommaviy axborot vositalarida avvalroq tarqatilgan guyoki Ahmad Mas’ud toliblarga sadoqat to‘g‘risida qasamyod qilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi.
“Bu mish-mishlar va ochiqdan-ochiq yolg‘ondir. Ahmad Mas’ud hech qachon “Tolibon”ga qasamyod keltirmagan va qilmaydi”, deydi manba.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” harakati Moskvadan Panjsher viloyati bilan siyosiy muloqot o‘rnatishga ko‘maklashishni so‘ragan. OAVga ko‘ra, kecha, 21 avgust kuni “Tolibon” harakati siyosiy qanoti rahbari Abdul G‘ani Barodar hukumat tuzish masalasini muhokama qilish uchun Afg‘oniston poytaxti Qobulga yetib kelgan.
Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat
Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.
Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi