“Bo‘yningni uzaman”: Prezidentning o‘g‘li viloyatni qanday boshqaryapti?
Olam
−
26 iyul 2019
26909Avvalroq, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardorni mamlakatning eng yirik viloyatlaridan biriga hokim etib tayinlagani haqida xabar bergan edik.
“Turkmaniston yilnomasi” kichik Berdimuhamedov viloyatga rahbarlik qilishni boshlaganidan beri ma’muriyatda qator o‘zgarishlar bo‘lgani haqida ma’lumot berdi.
Axal viloyati ma’muriy markazi Annau shahri Ashxoboddan taxminan 8 km uzoqlikda joylashgan. Sardor Berdimuhamedov ishga Prezident kortejidan namuna olgan holda oynalari “tonirovka” qilingan avtomobil va qo‘riqchilar hamrohligida kelib-ketadi.
Viloyat ma’muriyati bo‘limlaridan birining xodimi Berdimuhamedov hokimlik binosiga kirayotgan va ketayotganda hech kim o‘z ish o‘rnini tark etishi mumkin emasligini aytgan. Hokim kabineti oldida oldingi hokimlarda bo‘lmagani kabi qo‘riqchilar qo‘yilgan.
Endilikda faqatgina sanoqli kishilarga hokim kabinetiga kirishga ruxsat berilgan. Barcha xodimlar xonasidan chiqmasligi, chiqsa ham shovqin qilmasligi haqida ogohlantirilgan. Shuningdek, mobil telefonlardan foydalanish ham taqiqlangan. Hokim asosiy e’tiborini turli marosimlarga tayyorlanish va o‘tkazishga qaratyapti.
“Sardor Berdimuhamedovning qo‘l ostidagilar bilan suhbatdagi eng sevimli gapi “bo‘yningni uzaman” jumlasi”, degan hokimlik xodimi.
Annauda yashovchi fuqarolardan biri hokim qabuliga kirishga uringanda, unga bundan buyon hokim va uning o‘rinbosarlari shaxsiy masalalar bilan shug‘ullanmasligini tushuntirishgan.
Viloyatdagilar Prezidentning o‘g‘li bu lavozimda uzoq qolmasligiga umid bildiryapti. Ular kichik Berdimuhamedov ko‘pi bilan olti oydan keyin boshqa rahbarlik lavozimiga o‘tkazilishini taxmin qilishyapti.
LiveBarchasi