Bo‘ynidagidan boshqa tan jarohati aniqlanmadi – Bosh prokuratura qamoqda o‘zini osgan yigit haqida
Olam
−
29 may
7576Avvalroq, Namangandagi qamoqxonada 24 yoshli mahkum o‘z joniga qasd qilgani xabar qilingandi. Marhumning onasi o‘g‘lining tanasida qiynoq izlari borligini aytgandi. Bosh prokuratura esa murdani ko‘zdan kechirish davomida bo‘yin sohasida strangulyatsion egatdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmaganini bildirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
"23 may kuni Namangan viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan 2000 yilda tug‘ilgan mahkum ishlab chiqarish sexi hududida o‘zini-o‘zi osib, vafot etgan. Murdani ko‘zdan kechirish davomida bo‘yin sohasida strangulyatsion egatdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan", deb yozadi Shamsutdinov.
Bildirilishicha, holat yuzasidan Pop tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda.
"Tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi", deyiladi Bosh prokuratura matbuot kotibining bayonotida.
Ma’lum bo‘lishicha, marhum Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi "Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish" bilan sudlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mazkur holatni nazoratga olgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi