Buvaydada “zamhokim”ning zo‘ravonligiga uchragan ekolog ham qamoqqa olindi

3-sahifa

image

2025 yilning noyabr oyida Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektori Ahrorjon Niyozovga tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov kuch ishlatib, organ xodimlari yordamida tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketganidan xabaringiz bor. O‘sha vaqtda ekologiya inspektoriga nisbatan kuch ishlatish respublika miqyosida katta muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgani, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi. O‘tgan oy bo‘lib o‘tgan sud hukmi bilan Saidali Xizirov Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan aybli deb topilgan. Unga nisbatan bir yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari (61 million 800 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Jabrlanuvchi Ahrorjon Niyozov sudlanuvchilarga nisbatan og‘irroq jazo tayinlashni so‘rab, apellyatsiya shikoyati kiritgan. Ammo joriy yilning 3 iyun kungi Farg‘ona viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyatsiya instansiyasining ajrimi bilan hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Jinoyat ishi yakuniga yetib, sud hukmi e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, ekologiya bo‘limi xodimi Ahrorjon Niyozovning o‘zi ham qo‘lga olindi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tarqatgan axborotdan anglash mumkin.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bergan xabarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ekologiya bo‘limi xodimi 9,5 ming AQSH dollari miqdoridagi pora bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, u tumanning “Arab” mahallasi hududiga kiruvchi 4 gektar yer maydonidagi yovvoyi daraxtlarning kesilishi va qumdan tozalanishiga bir yil ko‘z yumib, chora ko‘rmaslik uchun fuqarodan 10 ming AQSH dollari miqdorida pora talab qilgan.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida pora olishda vositachilik qilgan shaxs hamda porani qabul qilgan mansabdor ekologiya xodimi ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingani aytilmoqda.

Shuningdek, vositachi shaxs boshqaruvidagi avtomashina ham ko‘zdan kechirilganda, giyohvandlik vositalariga o‘xshash moddalar borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing