Ekologga kuch ishlatgan “zamhokim” ishdan olindi
3-sahifa
−
25 noyabr 8960 2 daqiqa
Avvalroq, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektori Ahrorjon Niyozovga tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov kuch ishlatib, organ xodimlari yordamida tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketgani, keyinroq esa Xizirovga xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida xabar berilgandi. Ekologga kuch ishlatgan ushbu hokim o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya Telegram-kanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan mutasaddilar tomonidan ishchi guruh tuzilgan va o‘rganish ishlari olib borildgan.
“O‘rganish ishlari natijasida Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov lavozimidan ozod etildi”, deyiladi xabarda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherboyevning bildirishicha, aholi murojaatiga asosan holat joyiga tezkor yetib borgan Ekologiya qo‘mitasi inspektori noqonuniy daraxt kesish holatini aniqlab, uni to‘xtatib, belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan.
Ushbu holatda hokim o‘rinbosarining zo‘rlik ishlatishiga Ichki ishlar xodimi tomoshabin bo‘lib turgani yetmagandek, ekologni yoqasidan tutgancha olib ketganini qanday tushunish mumkin?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 19 noyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi, deb yozilgan. Farmon imzolanganidan bir hafta o‘tgani va mamlakatda ekologiya masalasi kun tartibida turganiga qaramay, hokimlar va ularning o‘rinbosarlari ekologlarni mensimay, ularga kuch ishlatishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilishi davom etmoqda. Yo ular Prezident imzolagan farmonni o‘qimaydi, yo o‘qisa ham parvo qilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Rasul Kusherboyev shunga o‘xshash holat haqida gapirgan edi. O‘shanda u o‘tgan yili poytaxtda ekologiyani zaharlayotgan tashkilotlarga chora ko‘rilayotganda o‘sha paytdagi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilganini ochiqlagandi.
Live
Barchasi