Butunjahon Universiadasida o‘zbek sportchilari medal jamg‘arish bo‘yicha nechanchi o‘rinda?

Sport

−

image

Xitoyning Chendu shahri mezbonlik qilayotgan XXXI yozgi Butunjahon Universiadasining navbatdagi kuni ham O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan sportchilar uchun qoniqarli natija bilan yakunlandi. 

Bugun, 4 avgust kuni taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston ayollar termasi jamoaviy bahslarda qatnashib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu orqali delegatsiyaning umumiy medallari soni 12 taga yetdi.

Hozirda O‘zbekiston hisobida 8 ta kumush hamda 4 ta bronza medal mavjud va bu natija bilan mamlakat delegatsiyasi medallar jamg‘arish bo‘yicha ayni damda 120 ta davlat ichida 28-o‘rinni egallab turibdi.

Ma’lumot uchun, Universiada o‘yinlari 8 avgustga qadar bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi Universiadada O‘zbekiston delegatsiyasi taekvondo WT, dzyudo, ushu, gimnastika, tennis, qilichbozlik va yengil atletika sport turlarida 77 nafar atlet bilan qatnashadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 avgust kuni taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yetakchilaridan biri Svetlana Osipova Butunjahon yozgi Univerciada o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgandi. U murosasiz kechgan yarim final bahsida xitoylik Zetsi Chjouga imkoniyatni boy berib, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olgan.

Shuningdek, ushbu  2 avgust kungi bellashuvlarda 3 nafar O‘zbekiston vakili sovrindor bo‘lgani xabar qilingandi. Jumladan, taekvondochilardan Feruza Sodiqova kumush, Najmiddin Qosimxojiyev bronza medaliga ega chiqdi. Shuningdek, ushu bahslarda omadini sinab ko‘rgan Azizbek Isroilov ham shohsupaning 3-pog‘onasidan joy olgan. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing