Butun Nigeriya elektrsiz qoldi
Olam
−
19 Oktabr
5251Nigeriyada tugayotgan hafta ichida uchinchi marta umummamlakat elektr ta’minoti bo‘yicha uzilish kuzatildi. Bu haqda “Daily Post Nigeria” nashri xabar berdi.
“Nigeriyaning milliy elektr tarmog‘i yana ishdan chiqdi. Bu hafta davomida uchinchi marta sodir bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, so‘nggi avariya bugun, 19 oktyabr tongida ro‘y bergan va bu yaroqsiz holdagi energetika tizimiga qo‘shimcha yuk keltirgan. Mamlakatdagi korxonalar va xonadonlar ishonchsiz elektr ta’minotidan aziyat chekayotgani, shuningdek, yoqilg‘i narxining qimmatligi va uning yetishmasligi vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
“Nairametrics”ning ma’lum qilishicha, bugun, 19 oktyabr kuni tonggi soat 9:00 da milliy elektr tarmog‘i mamlakat bo‘ylab 11 ta elektr taqsimlash kompaniyasiga (DisCos) 0 megavatt elektr quvvati uzatgan.
“So‘nggi yillarda Nigeriyada elektr ta’minoti uzilishi tez-tez sodir bo‘lib turibdi. Bu avariyalar, asosan, elektr stansiyalari va tarmoqlarining eskiligi va modernizatsiyaga muhtojligi bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda.
Bu 2024 yildagi sakkizinchi elektr tarmog‘i avariyasi bo‘lib, ulardan uchtasi so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda milliy elektr tarmog‘ini boshqaruvchi Nigeriya transmissiya kompaniyasi so‘nggi avariya haqida hali rasmiy bayonot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentinada yaylovdagi yong‘in Atucha I atom elektr stansiyasini ishdan chiqarishi oqibatida 20 milliondan ortiq iste’molchi elektrsiz qolgan edi.
LiveBarchasi