“Bunyodkor” direktori Rivaldo va Denilsondan qarzdorlik bo‘yicha munosabat bildirdi
Sport
−
27 fevral
17628Bir necha kun oldin tarmoqlarda Xalqaro futbol assotsiatsiyasi (FIFA) Toshkentning “Bunyodkor” klubi braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilsonga 9,5 million yevro (120 milliard so‘m) to‘lab berishi borasida qaror qabul qilgani aytilayotgandi.
Bugun, 27 fevral kuni “Bunyodkor” klubi direktori Murod Aliyev “qaldirg‘ochlar”ning yangi futbolchilari bilan tanishtiruv marosimida holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
“O‘sha paytda futbolchilar “Bunyodkor” bilan emas, “Zeromax” bilan shartnoma tuzgan. Bu masala bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. 9,5 million yevro yakuniy qiymat emas. Rivaldoni yuristlari bilan muzokara olib boryapmiz. Kelishuvga erishishga harakat qilamiz. Klubga imkon qadar zarar bo‘lmaydigan yo‘llarni ko‘rib chiqamiz. “Zeromax” rahbariyatiga ham murojaat qilindi”, deydi Aliyev.
Qayd etish joiz, FIFA tartib-intizom qo‘mitasi mazkur ish bo‘yicha 22 fevral kuni qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, “Bunyodkor” klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasining 2017 yil 21 sentyabrdagi qarorini to‘liq bajarmaganlikda aybdor deb topildi.
Ma’lumot uchun, Rivaldo 2008 yildan 2010 yilga qadar “qaldirg‘ochlar” sharafini himoya qilgan bo‘lsa, Denilson 2010 yilda Toshkent klubida to‘p tepgan va mamlakat chempioniga aylangan.
LiveBarchasi