Buncha katta “dux” qayerdan paydo bo‘ldi? – Kusherboyev “Amirsoy”da 700 tup daraxt kesib tashlangani haqida

Jamiyat 17631
image

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 700 tup atrofidagi qimmatbaho daraxtlar kesib tashlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.

“Ba’zan tushunmay daraxt kesib qo‘yibdi, degan baxonalarni eshitib qolamiz. Balki rostanam daraxt kesish mumkinmasligini bilmagandir, deyish mumkin.

Lekin hamma narsadan xabari bor, nufuzli tashkilotdagilarning ham qonunlarga tupurib qo‘yganini qanday tushunish mumkin?!”, deydi deputat navbatdagi daraxt “qirg‘ini”ga munosabat bildirar ekan.

Kusherboyev Bo‘stonliq tumanidagi “Amirsoy” kurort zonasi ma’muriyatining yaqinda naqd 700 tup atrofidagi qimmatbaxo daraxtlarni kesib tashlaganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini ta’kidlagan.

“Shuncha gapdan keyin ham har xil bahonalar bilan daraxtkesarlik davom etmoqda. Buncha katta “dux” qayerdan paydo bo‘ldi?”, deydi Kusherboyev.

U holat bo‘yicha Ekologiya qo‘mitasi tomonidan prokuraturaga  taqdim etilgan materiallar imi-jimida yopilib ketmasligi kerakligini urg‘ulagan. 

“Gap ortga qaytarib bo‘lmaydigan 700 tup daraxt va salkam 400 million so‘mlik tabiatga yetkazilgan zarar haqida ketmoqda.

O‘zi kurort ma’muriyati odamlar tog‘ning daraxtzor tabiatida dam olish uchun ham kurortlarga borishini bilarmikan”, deydi deputat.

Rasul Kusherboyev holat yuzasidan rasmiydan izoh berishi kerakligini qayd etgan.

O‘zbekiston Prezidentining “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan daraxt kesish uchun moratoriy 2021 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirilgandi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 530
Reyting: 3.1
t
×