Buxorodagi institutda talabalar majburan ishlatilgani aytildi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti talabalari oliygoh yotoqxonasi hududida ishlayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Xabarlarga ko‘ra, talabalar yotoqxonadan haydalmaslik uchun supurgi o‘simligini o‘rib, bog‘lashga majbur bo‘lgan. 

QALAMPIR.UZ mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida institut matbuot kotibi Suxrobbek O‘lmasov bilan bog‘landi. Unga ko‘ra, ushbu holat tasvirlangan videolar ostidagi izohda vaziyat noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. 

“Tasvirlarda ko‘rinish bergan talabalarimiz o‘quv dasturining amaliyot qismida yotoqxona hovlisidagi sho‘r tuproqlarni o‘rganayotgan bo‘lgan. Bu vaqtda ular sinov uchun ekilgan o‘simliklarni yig‘ish ishlarini amalga oshirayotgan ishchilarga o‘z xohishi bilan yordam bergan”, deydi matbuot kotibi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi holat yuzasidan hozircha rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-sonli maktab o‘quvchilari ushbu maktab direktorining sholi dalasida ishga jalb etilgani haqida xabar berilgan edi. Bu holatda fermer xo‘jaligi rahbari ma’muriy javobgarlikka tortilgandi. 

Shuningdek, Qashqadaryoda maktab o‘quvchilari paxta terishga jalb etilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq mazkur holat viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan o‘rganilganida o‘z tasdig‘ini topmagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro majburiy mehnat talabalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing