Buxorodagi dahshatli YTH sababi ma’lum bo‘ldi. Rulda 22 yashar yigit bo‘lgan
Jamiyat
−
29 noyabr 2019
13717Avvalroq, bugun, 29 noyabr kuni Buxoroda avtobus bilan to‘qnashgan Nexia-2 avtomashinasi haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchisi vafot etgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ushbu yo‘l-transport hodisasiga oid suratlar va yangi ma’lumotlarni ochiqladi.
Qayd etilishicha, YTH soat 07:15 atrofida Buxoro viloyati Jondor tumani hududidan o‘tgan A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 305-kilometrida sodir bo‘lgan.
Nexia-2 rusumli avtomobilni 22 yashar yigit boshqarayotgan bo‘lgan. U Andijon viloyati Andijon shahrida yashagan, 1997 yilda tug‘ilgan S.X. Nexia-2 rusumli avtomobilini “Toshkent-Xorazm” yo‘nalishida boshqarayotib, rulda uxlab qolishi oqibatida, qarshisidan harakatlanib kelayotgan, haydovchi Buxoro shahrida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan X.M. boshqaruvidagi Higer rusumli avtobusining yo‘liga chiqib, to‘qnashuv sodir etgan.
To‘qnashuv natijasida Nexia-2 rusumli avtomobil haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchilari voqea joyida halok bo‘lganlar.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi haydovchilardan kuchli toliqish holatida transport vositalarini boshqarmaslikni so‘ragan holda bunday holatda harakatlanish haydovchi va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari xavfsizligiga tahdid solishi haqida ogohlantiradi.