Buxoroda “zakladchik” 843 mln so‘mlik “spays” bilan ushlandi (video)

3-sahifa

image

Buxoroda 843 million so‘mlik “spays” musodara qilindi. 602,7 gramm sintetik giyohvandlik vositasini Telegram orqali tarqatgan “zakladchik” uni Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlariga yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 8 avgust kuni Buxoro shahrining G‘ijduvon ko‘chasida shubhali xatti-harakatlari bilan e’tibor tortgan fuqaro to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Uning yonidan sotish maqsadida saqlanayotgan, ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 2,7 gramm “spays” sintetik giyohvandlik moddasi topilgan.

Surishtiruv davomida fuqaro ushbu moddani tanishidan olgani aniqlangan. Shu kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda uning sherigi 1,5 million so‘m evaziga “Alfa-PVP” va “spays” sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, tezkor tadbirlar davomida joriy yilning 11 avgust kuni Buxoro tumanining Romitan mahallasida Cobalt avtomobili to‘xtatilib, tekshirilganda uning yo‘lovchi o‘rindig‘i ostidan 77 ta paketga qadoqlangan 457,1 gramm “spays” topilgan. Bundan tashqari, ushlangan shaxsning ko‘rsatmasi asosida hududdagi xilvat joylardan yana 29 ta paketga yashirilgan 144,9 gramm giyohvandlik vositasi olib qo‘yilgan.

Aniqlanishicha, mazkur shaxs Telegram messenjeridagi maxsus bot orqali “zakladchik” sifatida faoliyat yuritgan. U jami 602,7 gramm giyohvandlik vositasini Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlariga yetkazib berishni rejalashtirgan.

Holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Izboskan tumanida 11 kg 700 gr “marixuana”ni 6 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing