Buxoroda o‘zini daryoga tashlagan ayolni qutqargan inspektor mayor bo‘ldi
Jamiyat
−
15:51 5940 1 daqiqa
Avvalroq, Buxoro viloyatining Vobkent tumanida Ichki ishlar boshqarmasi (IIB) profilaktika inspektori o‘zini daryoga tashlagan ayolni qutqarib qolgandi. Ushbu inspektorga mayor unvoni berildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov xabar berdi.
Vazirlik vakiliga ko‘ra, Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan, favqulodda vaziyatda ko‘rsatgan jasorati, qat’iyati va kasbiga sadoqati uchun kapitan Amrillo Rasulov muddatidan oldin mayor maxsus unvoni bilan taqdirlangan.
“U daryoning muzdek suviga o‘zini tashlab, joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan 4 nafar farzandning onasini so‘nggi soniyalarda qutqarib qoldi. O‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, fidoyilik ko‘rsatgan Vobkent tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi inspektori, kapitan Rasulov Amrillo Temir o‘g‘li munosib taqdirlandi”, deya yozgan G‘iyosov.
Qayd etish joiz, Rasulov 29 yanvar kuni soat 16:30 larda o‘zini daryoga otgan ayolni ko‘rib qolgan. Tezkorlik bilan uni qutqarishga kirishgan xodim ayolni daryo qirg‘og‘iga olib chiqqan va zudlik bilan tez tibbiy yordam xodimlarini chaqirib, uni shifoxonaga yetkazishgan.
Xabarda yozilishicha, hozirda ayolning ahvoli yaxshi. U aslida G‘ijduvon tumanidan bo‘lib, 4 nafar farzandning onasi bo‘lgan.
Aliqulov Javohir
Live
Barchasi