Buxoroda universitet bitiruvchilariga nega diplom berilmayapti?
Jamiyat
−
13 may
9071Bugun, 13 may kuni QALAMPIR.UZ’ga Buxoro davlat texnika universitetining kechki ta’lim yo‘nalishida tahsil olgan va o‘qishni 2025 yil yanvar oyida yakunlagan talabalardan biri murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qish 2025 yil yanvarda yakunlangan, bitiruv imtihoni esa 2025 yil 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan. Ammo shu kungacha na diplom, na diplom ilovasi taqdim etilgan.
Uning ta’kidlashicha, dekanatga murojaat qilishsa, xodimlar bo‘limiga yo‘naltirishadi, u yerga borishsa, yana dekanatga jo‘natishadi – natijada talabalar sarson bo‘lib qolgan. Shu sababli bitiruvchilar ishga joylasha olmayapti.
“Bu orada biz hech qanday hujjat ololmadik. Ishga hujjat topshirmoqchi bo‘lsak, diplom talab qilishmoqda. Hech bo‘lmaganda diplomning elektron nusxasi taqdim etilsa, ishga joylashishimiz osonlashgan bo‘lardi”, deydi murojaatchi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida Buxoro davlat texnika universiteti yangi tashkil etilgani uchun diplomlarni topshirishda kechikish holatlari yuz bergan. Ushbu muammo shu yilning 20 mayiga qadar hal etilishi kutilmoqda.
“Buxoro davlat texnika universiteti yangi tashkil etilgani munosabati bilan diplom berishda kechikishlar yuz bergan. Joriy yil 20 mayiga qadar bitiruvchilarga diplomlar taqdim etiladi”, dedi matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu universitetda birin-ketin ikki talaba o‘z joniga qasd qilgani ortidan jamoatchilikda keng muhokamaga sabab bo‘lgan edi.
LiveBarchasi