Buxoroda tezkor profilaktik tadbirlar boshlandi
Jamiyat
−
08 aprel
15600Bugun, 8 aprel kunidan boshlab Buxoro viloyatining barcha hududlarida profilaktik tadbirlarga start berildi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, aholini turli ko‘ngilsiz hodisalardan himoya qilish, huquq-tartibot organlarining favqulodda vaziyatlarda o‘zaro hamkorlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida "Xavfsiz hudud" keng qamrovli tezkor hamda profilaktik tadbirlari harakatga keltirilgan.
Bunda asosan odamlar gavjum bo‘ladigan joylar, bozorlar, savdo komplekslari, istirohat bog‘lari va boshqa shu kabi jamoat joylarida xavfsizlik talablari kuchaytirilib, ayrim ob’ektlarda maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan.
"Shu o‘rinda fuqarolardan ortiqcha vahimaga berilmasliklarini, OAV vakillaridan esa asoslanmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 28 martdan boshlab Toshkentda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida IIBB xodimlari kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borayotgani xabar qilingandi. Bugun, 8 aprel kuni esa shaharda ekstremistik radikal guruhlarga qo‘shilgan fuqarolarning xonadonlarida 45 ta tintuv tergov harakatlari o‘tkazilgani ma’lum qilindi.