Buxoroda tarixiy tangani xorijga olib ketmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Jamiyat

image

Buxoroda mamlakat hududidan qadimiy tangani olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi. 

Voqea joriy yilning 15 fevral kuni Buxoro xalqaro aeroportida sodir bo‘lgan. Turkiyaning Istanbul shahriga uchib ketayotgan O‘zbekiston fuqarosi qadimiy tangani mamlakat hududidan olib chiqishga uringan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchining qo‘l yuklari bojxona xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida tekshirilganda “40 pora” qiymatdagi qizil metalldan zarb qilingan tanga borligi aniqlanib, ushlab qolingan. 

Buxoro viloyat Madaniy meros boshqarmasi badiiy ekspertiza bo‘limi xodimlari tomonidan tanga badiiy ekspertizadan o‘tkazilganda esa u “40 pora” qiymatdagi qizil misdan zarb qilingani va Usmoniylar sulolasi sultoni Sulton Abdulmajid I hukmronligi davriga tegishliligi aniqlandi. Ma’lum qilinishicha, tanga 1839 yilda Istanbulda zarb qilingan.

“Tanganing old tomonida tanga zarb qilingan sana hamda “Mahmudxon bin Abdulhamid Muzaffarning g‘alabasi sharafli bo‘lsin” yozuvi tushirilgan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 23 martdagi “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi nizomiga ko‘ra tangani Buxoro davlat-muzeyi qo‘riqxonasiga topshirish tavsiya etilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xorazm viloyatining Urganch shahrida Xiva xonligi va Buxoro amirligi davriga oid tangalarni sotayotgan shaxs ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro tanga

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing