Buxoroda talaba qizga jinsiy aloqa taklif qilgan tyutor qamaldi
3-sahifa
−
20:35 2919 2 daqiqa
Buxoro shahridagi oliy ta’lim muassasalaridan birida o‘z talabasiga jinsiy aloqa taklif qilgan 40 yoshli tyutor 3 sutkaga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, sudlanuvchi A.A. joriy yilning 14 avgust kuni soat taxminan 22:00 da universitet talabasi bo‘lgan qizga telefon qilib, uni oraliq nazoratlaridan o‘tkazishini aytgan va buning evaziga jinsiy yaqinlikni taklif qilgan. Bundan tashqari, u qizga nomaqbul, uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan so‘zlarni aytib, shahvoniy shilqimlik qilgan.
Kecha, 3 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda A.A. aybiga iqror bo‘lgan va universitetda o‘qituvchi bo‘lib ishlashini, voqea yuz bergan kuni mast bo‘lganini va qizdan kechirim so‘raganini aytgan.
Jabrlanuvchi talaba ham sudda holatni tasdiqlagan. Qizning aytishicha, A.A. unga ishqiy munosabatda bo‘lishni taklif qilib, jinsiy aloqa qilishni so‘ragan. U esa bundan qo‘rqib ketib, huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilishini aytgan. Shunga qaramasdan, A.A. unga qo‘ng‘iroq qilishni davom ettirgan va nomaqbul hamda sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan so‘zlarni aytgan.
Sud qaroriga ko‘ra, A.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan va unga 3 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida ayolga shahvoniy shilqimlik qilgan 19 yoshli yigitga 4 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.
Live
Barchasi