Buxoroda tadbirkordan joni evaziga 70 ming dollar talab qilgan jinoiy to‘da qo‘lga olindi

3-sahifa

image

Joriy yilning 5 mart kuni buxorolik 1975 yilda tug‘ilgan T.S. ismli shaxs viloyat IIB boshlig‘i nomiga ariza yozib, unda bir guruh shaxslar undan joni evaziga katta miqdorda pul talab qilayotganini ma’lum qiladi.

Buxoro viloyati IIB Matbuot xizmatining holat yuzasidan bergan ma’lumotiga ko‘ra, arizachining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, katta daromadga ega ekanligi va moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanganligidan xabardor bir necha shaxslar oldindan jinoiy til biriktirib, undan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirish payiga tushishadi.

Shu maqsadda, uni tanigan 1962 yilda tug‘ilgan B.S. o‘zining jinoiy sheriklari, akasi 1960 yilda tug‘ilgan B.I. hamda 1992 yilda tug‘ilgan T.S. hamda 1983 yilda tug‘ilgan Sh.D. ismli sportchi yigitlar bilan bir guruh bo‘lib, oldindan jinoiy til biriktirib, jabrlanuvchidan pul undirish rejasini tuzib, vazifalarni o‘zaro taqsimlab olishadi.

Bunda, jabrlanuvchining ishxonasiga qo‘shni qurilish firmasida qorovul bo‘lib ishlab kelayotgan B.I. jinoiy to‘da a’zolarini kunlik ma’lumotlar bilan ta’minlab, uning qaysi vaqt ishga kelishi va ishdan ketishi, qay rusumdagi avtomashinalar bilan yurishi, yonida kimlar bo‘lishi va boshqa shu kabi ma’lumotlarni yetkazib turadi.

Jinoiy guruhning qolgan ishtirokchilari esa gumon qilinuvchi Sh.D.ning boshqaruvida bo‘lgan Captiva`da bir necha kun davomida jabrlanuvchining avtomashinasi orqasidan kuzatib, zaruriy ma’lumotlar to‘plashadi.

Jinoiy reja obdon o‘ylab chiqilib, jabrlanuvchini qo‘rqitish maqsadida "TOZ" rusumli qirqma o‘qotar qurol ham tayyorlab qo‘yiladi.

4 mart kuni gumon qilinuvchi B.S. o‘zining jinoiy sheriklari T.S. hamda Sh.D. bilan birgalikda jabrlanuvchining boshqaruvida bo‘lgan Captiva`ni soat 17:10 larda, A-380 avtomobil yo‘lida to‘xtatib, salonga o‘tiradi. So‘ng oldindan tayyorlangan, yonida olib kelgan “TOZ” rusumli qirqma o‘qotar qurolni o‘qtab, uni o‘ldirish uchun buyurtma tushganligini, buyurtmani bajarsa 50 ming AQSH dollar miqdorida xizmat haqi olishini, agarda buyurtmachi tomonidan beriladigan summadan ortiqroq pul bersa, uni o‘ldirmasdan, buyurtma bergan shaxslar to‘g‘risida ma’lumot berishini, buning evaziga 70 ming AQSH dollar talab qilib, jabrlanuvchini o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yadi.

Jabrlanuvchi tovlamachining talabiga rozi bo‘lib, ikki kun muxlat so‘ragan holda jinoyatchilarning qo‘lidan qutulib, joriy yilning 5 mart kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga murojaat qiladi va o‘z arizasida unga nisbatan tovlamachilik qilayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘raydi.

Jabrlanuvchining arizasi va bergan ma’lumotlariga asosan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi tomonidan tezkor tergov guruhi tuzilib, kechiktirib bo‘lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Joriy yilning 6 martidan 7 martga o‘tar kechasi o‘tkazilgan tezkor tadbirda B.S.ning topshirig‘iga asosan uning akasi, jinoiy guruh a’zosi B.I. kimyoviy ishlov berilgan milliy so‘mga nisbati 522 mln so‘m bo‘lgan, 50 ming AQSH dollarni jabrlanuvchidan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Jinoiy guruh tashkilotchisi B.S.dan esa bir dona "TOZ" rusumli qirqma o‘qotar qurol, 6 dona jangovar patron, jinoiy guruhning yana bir a’zosi T.S.dan esa bir dona sovuq qurol hisoblangan pichoq ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Tergov boshqarmasi tomonidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan JKning 165-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

tovlamachilik

Baholaganlar

367

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing