Buxoroda “Xalqaro matematika maktabi” tashkil etiladi
Jamiyat
−
01 iyun 2019
5443O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Xalqaro matematika maktabi”ni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Buxoro viloyati hokimligining Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatiga “Xalqaro matematika maktabi” maqomini berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar Xalqaro maktabning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
• umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari asosida zamonaviy axborot texnologiyalardan keng foydalangan holda aniq va tabiiy fanlar hamda chet tillarining chuqur o‘qitilishini tashkil etish;
• o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish;
• har bir o‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
• yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy mamlakatlardan tajribali o‘qituvchilarni jalb qilish;
• iqtidor va iste’dodni aniqlash hamda kamol toptirish bo‘yicha o‘quvchilarni respublika va xalqaro fan olimpiadalari, tanlovlar va boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlash;
• respublikadagi aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablariga umumiy metodik yordam ko‘rsatish.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Ulug‘bek ko‘chasi 5-uyda joylashgan Qorako‘l sanoat va transport kasb-hunar kollejining bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Xalqaro maktabga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Qorako‘l sanoat va transport kasb-hunar kolleji bino va inshootlari, moddiy-texnik vositalari, o‘quv uskunalari va boshqa mulklari bilan birga qabul qilib olishini ta’minlaydi.
Belgilab qo‘yilishicha:
2019-2020 o‘quv yilidan Xalqaro maktabning 7-sinfiga 90 nafar o‘quvchi qabul qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga xalqaro maktabning moddiy-texnika bazasidan, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi;
xorijiy mamlakatlardan matematika faniga qiziquvchi iqtidorli o‘quvchilarni shartnoma asosida ta’lim olishlariga imkoniyat yaratiladi;
Xalqaro maktabda o‘quvchilarga yanada chuqurroq bilim berish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalari va o‘qitish metodikasini singdirish uchun xorijiy mamlakatlardan o‘qituvchilarni ishga qabul qilishga ruxsat beriladi;
2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Xalqaro maktab direktori, o‘rinbosarlari va o‘qituvchilarga byudjet mablag‘lari hisobidan 100 foiz qo‘shimcha ustama haq to‘lanadi.
LiveBarchasi