Yana Buxoro! Yana bo‘ron! Yana tom!

Jamiyat

image

Kecha, 4 noyabr kuni kuzatilgan kuchli qum bo‘roni sabab Buxoro viloyati Peshku tumani hokimligi va soliq inspeksiyasi binosining tomi ko‘chib tushdi.

Hodisa yuz berishi bilan Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari yetib kelib, xavfsizlik choralarini ko‘rishgan. Binolar tomi ko‘chib ketishi oqibatida hech kim jarohatlanmagan.

Hozircha zarar miqdori noma’lum. Binolar tomini ta’mirlash ishlari boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 5 barobar oshdi. 

Shamol avj olgan mahalda AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili 27 aprel kuni Buxoro viloyatida kuchli bo‘ron ko‘tarilib, minglab ob’ektlarga zarar yetgandi. Ularning orasida sog‘liqni saqlash, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar, savdo do‘konlari, ma’muriy binolar, madaniy meros va sport ob’ektlari bor.

Hodisada o‘rta va og‘ir tan jarohati olgan sakkiz kishi shifoxonaga yotqizilgan, 32 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyga javob berilgandi. 

O‘n minglab yirik daraxtlar singan va qulagan. To‘rt yuzdan ortiq avtotransportga ziyon yetgan.

Turkmanistondan kirgan kuchli shamol oqimi Qashqadaryo, Samarqand va Navoiy viloyatlarida ham sezilgan. Biroq Buxorodagidek vayronkor bo‘lmagan.

Buxoroda yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekiston Prezidenti farmoyishi bilan 100 mlrd so‘m ajratilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

qum bo'roni

Baholaganlar

526

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing