Turkiyaga ham qum bo‘roni yopirildi
Olam
−
16:20 1409 2 daqiqa
Bugun, 3 aprel kuni Turkiyaning Sharqiy O‘rta Yer dengizi hududidagi ayrim shaharlarini Afrikadan kirib kelgan chang to‘zoni qoplashni boshladi. Bu haqda GZT xabar berdi.
Qayd etilishicha, kuchli shamol ta’sirida kirib kelgan chang Adana, Hatay va Usmoniya hududlarida ko‘rish masofasini pasaytirgan. Qalin chang transport harakati va kundalik hayotda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Ayniqsa, Hatay viloyatining Samantog‘ tumanida kuchli sezilgan. Zich chang to‘zoni sabab yo‘l va dengizdagi ko‘rinish ba’zi paytlarda deyarli yo‘qolib, haydovchilar harakatlanishi murakkablashgan.
Bundan tashqari, astma kabi surunkali nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan fuqarolarda nafas olish qiyinlashgani ham qayd etilgan.
Istanbul shahriga ham kirib kelgan mazkur chang sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Istanbul texnika universiteti Iqlimshunoslik va meteorologiya muhandisligi bo‘limi o‘qituvchisi Husayn Toros ushbu to‘zon 5 aprel kuni Marmara mintaqasini tark etishini aytgan.
Professorning tushuntirishicha, Sahroi Kabirdan ko‘tarilgan chang bulutlari O‘rta Yer dengizi ustidagi past bosim tizimi ta’sirida Turkiyaga yetib borgan. U yana bir muhim jihat – agar yog‘ingarchilik bo‘lsa, chang yomg‘ir bilan aralashib, loy yomg‘iri deb ataladigan holat yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘arbiy Avstraliyada kuchli bo‘ron fonida noodatiy tabiat hodisasi kuzatilgandi – ayrim hududlarda osmon to‘q qizil tusga kirib, hududni qalin chang qoplagandi.
Shuningdek, Gretsiyaning Krit orolida sahrodan kelgan kuchli qum va chang bo‘roni kuzatilgan.
Live
Barchasi