Avstraliya osmonida g‘aroyib tabiat hodisasi kuzatildi (video)
Olam
−
28 mart 5912 2 daqiqa
Bugun, 28 mart kuni G‘arbiy Avstraliyada kuchli bo‘ron fonida noodatiy tabiat hodisasi kuzatildi – ayrim hududlarda osmon to‘q qizil tusga kirib, hududni qalin chang qopladi. Bu haqda “The New Daily” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Narelle sikloni sabab yuzaga kelgan kuchli shamollar havoga katta miqdorda chang va qumni ko‘targan. Oqibatda Karnarvon shahri ustida bir necha soat davomida xalq tilida aytiluvchi “qonli osmon” hodisasi yuzaga kelgan.
Mahalliy aholining aytishicha, chang nafas olish va ko‘rishda qiyinchilik tug‘dirgan.
Shu bilan birga, siklon hududda jiddiy talofatlar ham keltirib chiqargan. Koral Bay yaqinida qirg‘oqqa chiqqan bo‘ron keyinchalik Eksmut shahriga kuchli zarba bergan. Shamol tezligi 250 km/soatgacha yetib, binolar tomlari uchib ketgan, derazalar sinib, elektr ta’minoti uzilgan.
Xususan, evakuatsiya markazlaridan birining tomi uchib ketgan paytda ichkarida 40 ga yaqin odam bo‘lgan. Ularni xavf tufayli darhol ko‘chirish imkoni bo‘lmagan va ular bo‘ronni shikastlangan bino ichida o‘tkazishga majbur bo‘lgan.
Mutaxassislar zarar ko‘lami hali to‘liq aniqlanmaganini, ammo sezilarli talofatlar kutilayotganini bildirmoqda. Siklon hozirda kuchsizlanib, hudud ichkarisiga qarab siljimoqda, biroq kuchli shamol va yog‘ingarchilik xavfi saqlanib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota shahri aholisi noyob tabiat hodisasiga guvoh bo‘lgandi. Qalin bulutlar tezlik bilan yopirilib kelib, shahar osmonini qoplab olgan.
Live
Barchasi