Buxoroda salkam 150 yillik masjid topildi

Jamiyat

image

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi “Sho‘rabot” MFYda qurilganiga qariyb 150 yil bo‘lgan masjid topildi. Bu haqda Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Sho‘rabot” MFY raisining murojaatiga asosan mahalla hududida joylashgan qadimgi masjid binosi Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi mutaxassisilari tomonidan joyida o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, masjid binosi XIX asrning ikkinchi yarmida, ya’ni 1884-85 yillarda mahalla-guzar masjidi sifatida qurilgan bo‘lib, uch asrlik tarixga ega. Masjid yog‘och konstruksiyali bo‘lib, kvadrat shaklli bir ustunli, o‘ymakori to‘sin va vassa yopilgan. Ustun, to‘sin va “bog‘dodi” eshiklari yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan. “G” harfi shaklidagi yetti ustunli ayvoni hozirda saqlanmagan, uning o‘rnida XX asr oxirlarida qurilgan ayvon mavjud.

Hozirgi kunda ushbu masjidda qishloq kutubxonasi (Qorako‘l tumani kutubxonasi filiali) joylashgan.

Shuningdek, Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi Badiiy ekspertiza bo‘limi boshlig‘i U.Jumayev tomonidan mahalla raisi Sh.Xakimov, qishloq oqsoqoli N.Ashirov, “Qadimgi Poykent shahri tarixi” muzeyi direktori N.Sobirov ishtirokida ilmiy o‘rganish ishlari o‘tkazilgan. Natijada masjid ustuniga o‘yib yozilgan tarixiy yozuv, arab alifbosi asosidagi fors tilida nastalih xatidagi yozuv ekanligi va u quyidagi mazmunga ega ekanligi aniqlandi:

Fors tilida “In masjidro bino kard Ro‘ziboy ibn G‘aybulloboy 1304” ya’ni, “Bu masjid G‘aybulloboy o‘g‘li Ro‘ziboy tomonidan hijriy 1304 yilda qurdirilgan” degan so‘zlar yozilgan.

Ushbu yozuvlar asosida xulosa qilib aytganda, mazkur masjid tarixiy va badiiy qiymatga ega ekanligini inobatga olib, uni moddiy madaniy meros yodgorligi sifatida ro‘yxatga olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro masjid

Baholaganlar

304

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing