Buxoroda 100 dan ortiq qiz IIBga olib borildi. Ulardan 5 nafari fohisha ekani aytilmoqda
Jamiyat
−
16 mart 2020
39465Buxoro viloyatida 3 kun davom etgan tungi reydlarda 100 dan ortiq qizlar IIBga olib kelindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, IIB, Milliy gvardiya, Mahalla, Yoshlar ittifoqi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda 9-11 mart kunlari Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, viloyatning barcha tumanlari hududida faoliyat ko‘rsatuvchi tungi klub, kafe-bar, restoran, chilimxona va boshqa ko‘ngilochar joylarda tungi reydlar o‘tkazilgan.
Natijada 330 nafar shaxs ichki ishlar bo‘limlariga olib kelingan. Aytilishicha, ularning 100 dan ortig‘ini qizlar tashkil etadi.
Shuningdek, tungi klub va boshqa ko‘ngilochar joylar egalari hamda mas’ullariga voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb etmaslik, tungi vaqtlarda voyaga yetmaganlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarsiz bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tushuntirilib, ogohlantirish ishlari olib borilgan.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-2-moddasida ko‘rsatilgan 4 ta (voyaga yetmagan shaxsning ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish) huquqbuzarlik hamda 5 ta foxishalik bilan shug‘ullanish holatlari aniqlandi.