Bugun o‘zbekistonlik futbolchilar Jahon chempionatidagi yurishini boshlaydi
Sport
−
10 noyabr 2023
14190Bugun, 10 noyabr kuni Indoneziyada 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Jahon chempionati bahslari start oladi. Kichik mundialning “B” guruhidan joy olgan O‘zbekiston vakillari dastlabki turda malilik tengqurlariga qarshi maydonga tushadi.
Jamoliddin Rahmatullayev shogirdlari shu yili yozda Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionatining yarim finaliga qadar yetib borib, dunyo birinchiligiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi. Malidan tashqari, o‘zbekistonlik futbolchilar Kanada va Ispaniya vakillariga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
O‘zbekistonning bugungi raqibi Mali Afrika chempionatida 4-o‘rin sohibiga aylanib, Jahon chempionatida o‘ynash huquqiga ega chiqqan. Rahmatullayev shogirdlari bugun “qora qit’a” vakillari bilan to‘liq ko‘k rangli liboslarda harakat qiladi. Uchrashuvni urugvaylik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Bosh hakam Texera Gustavo, unga qanotlarda hamyurtlari Barrerio Karlos va Niyevas Andres yordam beradi. 4-rasmiy hakam vazifasi esa indoneziyalik Aranda Aprismanga topshirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston-Mali uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 14:00 da boshlanadi. Bahsda Surakarta shahridagi “Manahan” stadioni mezbonlik qiladi.