Bugun O‘zbekiston Jahon chempionatiga chiqishi mumkin

Sport

image

2026 yilda AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati Osiyo mintaqasi 3-saralash bosqichi o‘zining qizg‘in pallasiga keldi. “A” guruhi 8-turi doirasida bugun Qirg‘iziston-Qatar, Eron-O‘zbekiston va Shimoliy Koreya-BAA o‘yinlari kun tartibidan o‘rin olgan. Ushbu o‘yinlar orasida o‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun eng muhimi Tehronda Eronga qarshi bahs.

Bugungi g‘alaba O‘zbekistonni deyarli JCHga olib chiqadi

“A” guruhi yetakchilari Eron va O‘zbekiston 8-turda o‘zaro bellashadi. Ushbu o‘yinda Eronni durang ham Jahon chempionatiga olib chiqadi. Shu sababdan forslar deyarli bosimsiz o‘ynaydi. Agar O‘zbekiston g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, ochkolarini 19 taga yetakazib oladi va ochkolar borasida Eronga tenglashadi. Bugun motivatsiya, bosim o‘zbekistonlik futbolchilar yelkasida bo‘ladi. Sababi, agar Eron mag‘lub bo‘lsayu, guruhdagi ikki raqobatchi Qatar va BAA ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, O‘zbekiston azaliy orzusiga yetadi. Ya’ni muddatidan avval 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. 

O‘zbekiston Tehronga tarkibdagi bir nechta yo‘qotishlar bilan bormoqda

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi muhim bahsni O‘zbekiston safida jarohati sabab Oston O‘runov o‘tkazib yuboradi. Ma’lum bo‘lishicha, u O‘zbekiston bazasini tark etgan va “Persepolis” lageriga borib qo‘shilgan. Shuningdek, 20 mart kuni Toshkentda, “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan Qirg‘izistonga qarshi bahsda Jaloliddin Masharipov sariq kartochka olgandi va keyingi o‘yinni diskvalifikatsiya sabab o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi. Avvalroq, terma jamoa yig‘iniga jarohat sabab kelolmagan himoyachi Husniddin Aliqulov ham bugungi o‘yinni o‘tkazib yuboruvchi futbolchilar orasiga kiradi.

Ma’lumot o‘rnida, Eron-O‘zbekiston o‘yini bugun, 25 mart kuni Tehrondagi “Ozodiy” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Jahon chempionati Eron-O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing