Bugun O‘zbekiston U-17 terma jamoasi KXDRga qarshi o‘ynaydi
Sport
−
17 aprel
8828Saudiya Arabistonida davom etayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi o‘zining qizg‘in pallasiga kirdi. Bugun, 17 aprel kuni O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi yarim finalda Shimoliy Koreyaga qarshi maydonga tushadi.
Ismoilov o‘smirlar terma jamoasini finalga olib chiqqan 3-murabbiyga aylanishi mumkin
Bunga qadar, 2010 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida O‘zbekiston U-16 terma jamoasi finalda ayni bugungi raqib Shimoliy Koreyaga qarshi o‘ynagan va 2:0 hisobida imkoniyatni boy bergandi. O‘sha vaqtda terma jamoa bosh murabbiyi Aleksey Yevstafeyev edi. Oradan 2 yil o‘tib, ya’ni 2012 yilda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi yana bir bor qit’a kubogi yarim finaliga chiqdi. Dilshod Nuraliyev qo‘l ostidagi jamoa so‘nggi bosqichida Yaponiyani penaltilar seriyasida 4:2 hisobida mag‘lub etib, chempionga aylangandi. Oradan 13 yil vaqt o‘tib, Islom Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi yana bir bor yarim final yo‘llanmasiga ega chiqdi va nafaqat finalga chiqish uchun, balki chempion bo‘lish uchun da’vogarlardan biriga aylandi.
Shimoliy Koreya O‘zbekistonga nimalarni taklif eta oladi?
Bugungi o‘yin oldidan Samvel Karlenovich Telegram sahifasi KXDR U-17 terma jamoasining asosiy yutuq va kamchiliklari haqida o‘rganib chiqdi.
- Jamoaning mudofaasi ba’zan qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. Kuchli pressingda o‘ynaydigan jamoalar uchun bu holat ayni muddao;
- Jamoa futbolchilarining jismoniy holati va texnikasi juda yuqori;
- Ikkinchi qavatda jamoa musobaqada eng yaxshi o‘ynayotgan jamoa bo‘lib turibdi;
- Yakkama-yakka kurashlarda eng ko‘p g‘olib bo‘layotgan jamoa ham aynan KXDR;
- Jamoa sardori raqib tarkibidagi eng xavfli o‘yinchi. U to‘pni yaxshi nazorat qiladi, o‘rta masofalarda juda kuchli va aniq zarba bera oladi, maydonni ko‘rish qobiliyati 17 yosh bolanikiga umuman o‘xshamaydi...;
- Burchak to‘plari raqibimizning asosiy “fishkasi” hisoblanadi. KXDR jamoasi musobaqada 4 marta burchak to‘pidan gol kiritdi. Bu jamoa umumiy gollarining 33.3 foizini tashkil etadi;
- Jamoa asosiy hujumlarini o‘ng qanotdan tashkil etadi. Hujum guruhi vakillarida, hujumchilarga xos bo‘lgan golni sezish qobiliyati juda kuchli.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston U-17 va Shimoliy Koreya U-17 terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bugun, 17 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 22:15 da start oladi.
LiveBarchasi