Bugun G‘azo fashistlar hujum qilgan Varshava gettosidan ham vayronaroq – Kolumbiya Prezidenti 

Olam

image

Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbalari va mintaqani blokada qilishi fashistlarning Varshava gettosidagi qo‘zg‘olonni bostirishiga o‘xshab, qurbonlar va vayronagarchiliklarga sabab bo‘lyapti. Bu haqda kecha, 10 oktyabr kuni Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro aytib o‘tdi.

"Bugun G‘azo sektori fashist vahshiylari tomonidan vayron qilingan Varshava gettosidan ham xarobaroq bo‘lgan ko‘rinadi. 140 nafar falastinlik o‘g‘il-qiz bombardimonda halok bo‘ldi, ular HAMAS jangarilari emas edi. HAMAS va Isroil o‘nglari bir-birining qonini ichmoqda”, deb yozgan u.  

Gustavo Petroning aytishicha, Kolumbiya hukumati ikki erkin davlat: Isroil va Falastinni himoya qiluvchi BMT rezolyutsiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, bu ikki davlatni tan oladi va Isroildan Falastinga nisbatan bosqinchilik urushini to‘xtatishni talab qiladi.

Ma’lumot uchun, Varshava gettosi urushdan vayronaga aylangan Yevropadagi eng katta yopiq yahudiy hududi edi. 1941 yil mart oyida, o‘n minglab yahudiylar hududga quvilganida, bu "shahar ichidagi shahar" aholisi maksimal 460 ming kishiga yetgan. Odamlar oziq-ovqat va dori-darmonga ega bo‘lmagan holda ochlik va kasallikdan o‘lgan. 1942 yilning yozida, gettoni yo‘q qilish harakati boshlanganda, unda 380 ming aholi qoldi. Ulardan 300 ming nafari Treblinkadagi konslagerga olib ketilgan. Natsistlarning maqsadi yahudiylarni butunlay yo‘q qilish ekani ma’lum bo‘lgach, ko‘pchilik gettodan qochib ketdi va qolgan 60 ming kishi o‘z hayotlari uchun kurashishga qaror qildi. Varshava gettosidagi qo‘zg‘olon, kuchlarning mutlaqo teng bo‘lmagan muvozanatiga qaramay, 28 kun davom etdi. 16 may kuni yahudiylar hududini butunlay vayron qilib, natsistlar qo‘zg‘olonni yakuniy bostirishini e’lon qildi. Varshavadagi Katta sinagog bombardimon qilindi va omon qolgan yahudiylar yaqin atrofdagi konslagerlarga tarqatildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qilgandi. Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirgandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Kolumbiya G'azo sektori Gustavo Petro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing