Bugun Denis Istomin US Open’dagi ishtirokini boshlaydi

Sport

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 24 avgust kuni AQSHning Nyu-York shahrida tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi US Open turniriga start beriladi. Unda o‘zbekistonlik tennischi Denis Istomin saralash bahslaridan o‘z ishtirokini boshlaydi. O‘zbekistonning birinchi raqamli raketka ustasi amerikalik Jefri Volfga qarshi kortga chiqadi.

Denis Istomin ATP reytingida 207-pog‘onani egallab turibdi. J.J.Volf esa 157-o‘rinda qayd etilgan. Bunga qadar ikki tennischi 2020 yilning mart oyida ham o‘zaro to‘qnash kelgan va yakunda Volf 6:4, 6:2 hisobida g‘alaba qozongan.

Eslatib o‘tamiz, tashkilotchilar joriy yilgi turnir uchun mukofot pullari taqsimotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, sovrin jamg‘armasi rekord darajaga oshirilgan va 57,5 million dollarni tashkil qiladi. G‘olib, 2000 reyting ochkosiga ham ega bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, tennis bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda ATP (erkaklar) va WTA (ayollar) reytingi uchun ochkolar va pul mukofotlari taqdim etiladi. Eng nufuzli to‘rtta musobaqa “Katta dubulg‘a” turkumiga kiradi. Bular: “Avstraliya ochiq chempionati” (Melburn, qattiq qoplamali), “Rolan Garros” (Parij, qum qoplamali), “Uimbldon” (London, maysa qoplamali), “AQSH ochiq chempionati” (Nyu-York, qattiq qoplamali).
 


Maqola muallifi

Teglar

Denis Istomin WTA ATP US Open J.J.Volf

Baholaganlar

7

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing