Kurs UZS

USD

12 994.59

13.7

EUR

14 761.85

38.92

RUB

157.68

-0.99

Bugun “Barselona” Portugaliyada “Benfika”ga qarshi o‘ynaydi

Sport

image

Bugun, 5 mart kuni Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichi ilk o‘yinlari davom ettiriladi. Bugungi kun tartibidan “Feyenoord” - “Inter”, “Bavariya” - “Bayer”, “Benfika” - “Barselona” va PSJ - “Liverpul” o‘yinlari o‘rin olgan.

“Feyenoord” Milanning yana bir klubiga qarshi maydonga tushadi

Niderlandiyaning “Feyenoord”  klubi Yevropa Chempionlar ligasi o‘tish o‘yinida o‘zidan kuchli sanalgan “Milan”ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 2:1 hisobida mag‘lub etib, 1/8 final bosqichiga yo‘l oldi. Klub ushbu bosqichda yana bir Milan shahri jamoasi “Inter”ga qarshi o‘ynaydi. Bu safargi raqib ancha jiddiy, Chempionlar ligasi yashirin favoritlaridan biri hisoblanadi. “Inter” joriy mavsum Chempionlar ligasi guruh bosqichida 4-o‘rinni egallab, to‘g‘ridan to‘g‘ri nimchorak finalga yo‘l olgandi. “Inter” A Seriya turnir jadvalida 58 ochko jamg‘argan holda yetakchilik qilmoqda. Jamoa “Napoli”dan 1 ochko oldinda. Ushbu o‘yin Niderlandiyada bo‘lib o‘tishini hisobga olganda, “Feyenoord” o‘z uyida jiddiy qarshilik ko‘rsatib, Milandagi javob bahsiga ijobiy natija qayd etib borishni maqsad qilgan. “Inter” esa masalani birinchi o‘yindayoq hal qilishga urinib ko‘radi. Mazkur o‘yin bugun, 5 mart kuni 22:45 da start oladi.

Germaniyaning ikki gegemoni Myunxenda to‘qnash keladi

Yevropa Chempionlar ligasi nimchorak finali qur’asi natijasiga ko‘ra Germaniyaning ayni damdagi eng kuchli jamoasi “Bavariya” va “Bayer” to‘qnash keladigan bo‘ldi. Ilk o‘yin Myunxenda bo‘ladi va mezbon vazifasini “Bavariya” bajaradi. Germaniya Bundesligasida ikki jamoa yonma-yon kelmoqda. Ammo ochkolar orasidagi farq katta. “Bavariya” 61 ochko jamg‘arib, yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, “Bayer” esa 53 ochko bilan 2-o‘rinni band etgan. Oxirgi ikki yilda ushbu jamoalar o‘rtasidagi har bir o‘yin murosasiz kechmoqda. Bu safar “Bavariya” - “Bayer” Chempionlar ligasi nimchorak finalida to‘qnash keladi. Ushbu turnirdagi tajribasidan kelib chiqilsa, “Bavariya”ning imkoniyati katta. Ammo Xabi Alonso boshchiligidagi “Bayer” g‘alabali seriyaga tushib olgan va Myunxendagi bahsda ham jiddiy qarshilik ko‘rsatishga harakat qiladi. Ushbu o‘yin Toshkent vaqti bilan 6 martga o‘tar kechasi 01:00 da start oladi.

Portugaliyadagi “otishma” yana takrorlanadimi?

Yevropa Chempionlar ligasi qur’asi yana bir bor “Benfika” - “Barselona” to‘qnashuvini muxlislar e’tiboriga taqdim etadigan bo‘ldi. Mazkur jamoalar guruh bosqichida uchrashgan va o‘shanda “otishma”dan “Barselona” omon qoldi. Hisob 5:4 va kataloniyaliklar dramatik bahsda g‘alaba qozongandi. Bugun ham ikki jamoa yana bir bor to‘qnash keladi. “Benfika” o‘tish bahsida ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:3 hisobida “Monako”ni mag‘lub etib, nimchorak finalga yetib keldi. “Barselona” esa guruh bosqichida 2-o‘rinni egallab, to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l oldi. Mazkur o‘yin Toshkent vaqti bilan 6 martga o‘tar kechasi 01:00 da start oladi.

PSJ o‘z uyida “Liverpul”ni qabul qiladi

Ushbu bosqichning markaziy o‘yinlaridan biri PSJ va “Liverpul” o‘rtasida kechadi. Parijliklar so‘nggi o‘yinlarda fantastik natijalar qayd etib kelmoqda. Luis Enrike qo‘l ostidagi jamoa 2025 yilni ajoyib tarzda boshladi va ketma-ket o‘yinlarda g‘alaba qozonmoqda. Klub vingeri Usmon Dembele esa joriy mavsum parijliklar safida barcha musobaqalarda 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 26 ta gol urdi va 6 ta assist amalga oshirdi. “Liverpul” esa ayni damdagi eng formaga tushib olgan jamoalardan biri hisoblanadi. Arne Slot shogirdlari APL turnir jadvalida 67 ochko jamg‘argan holda chempionlik poygasida yetakchilik qilmoqda. Eng yaqin ta’qibchisi “Arsenal”dan 13 ochkoga ilgarilab ketgan. Yevropa Chempionlar ligasida esa klub guruh bosqichida 21 ochko jamg‘arib, yetakchi sifatida 1/8 final bosqichiga yetib keldi. Birinchi o‘yin Parijdaligini hisobga olganda PSJ bu masalani shu yerda hal qilishga harakat qilishi tayin. “Liverpul” esa dastlabki o‘yinda o‘zi uchun ijobiy natija qayd etib, “Enfild”dagi javob bahsigacha imkon qoldirmaslikka intiladi. Ushbu o‘yin Toshkent vaqti bilan 6 martga o‘tar kechasi 01:00 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona PSJ Evropa Chempionlar ligasi Bavariya Liverpul'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing