Referendumda xorijdagi fuqarolarning qanchasi ishtirok etdi?

Jamiyat

Bugun 30 aprel tonggi soat 8:00 dan butun O‘zbekiston bo‘ylab yangi tahrirdagi Konstitutsiya bo‘yicha referendumda ovoz berish boshlandi.

Va bu jarayon kechgi soat 20:00 ga qadar davom etadi. QALAMPIR.UZ jamoasi kun davomida mazkur referendumni yoritib boradi va biz ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazidan turib Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy Sud va Markaziy saylov komissiyasi vakillari ishtirokidagi brifinglardan lavhalar ulashamiz.

Demak, birinchilardan bo‘lib tashqi ishlar vazirligi vakili xorijiy mamlakatlarda allaqachon boshlanib bo‘lgan ovoz berish jarayonlari natijalarini e’lon qiladi.

“O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 31-bandiga binoan, O‘zbekistonning xorijdagi Elchixona va Bosh konsulxonalari tomonidan joriy yilning 19-26 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi referendumining muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston fuqarolari zich joylashgan 40 ta xorijiy davlatlarda, jumladan, diplomatik vakolatxonalarimiz mavjud bo‘lmagan shaharlarda qo‘shimcha ravishda jami 1 003 ta muddatdan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etildi.

O‘zbekiston fuqarolari zich joylashgan 40 ta xorijiy davlatlarda, jumladan diplomatik vakolatxonalarimiz mavjud bo‘lmagan shaharlarda qo‘shimcha ravishda jami 1003 ta muddatdan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etildi”, dedi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrom A’loyev.

Uning ma’lum qilishicha, muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida xorijiy mamlakatlarda 159 ming 276 nafar fuqarolar ishtirok etgan.

“Ushbu muddatdan oldin ovoz berish jarayonida 159 276 nafar fuqarolarimiz o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishdi.

Xorijdagi vakolatxonalar tomonidan muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida vatandoshlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari va chet el rasmiylari ishtirokida 500 dan ziyod tushuntirishlar, brifing va uchrashuvlar tashkil qilindi.

Xorijdagi referendum jarayonlarini OAVda yoritilishini ta’minlash maqsadida Rossiya (Moskva, Sankt-Peterburg, Vladivostok shaharlari), Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Turkiya davlatlariga O‘zbekiston MTRK xodimlari jo‘natildi”, deya qo‘shimcha qildi A’loyev.

Bundan tashqari,  O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari mavjud bo‘lgan 39 ta davlatda 55 ta referendum uchastkalari tashkil etilgan.

“Xorijdagi referendum jarayonlarining dastlabkisi 30-aprel kuni yurtimizning Yaponiya va Koreyadagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04:00 da boshlanib, so‘nggisi Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalarda 1 may kuni soat 05:00 da yakunlanishini ma’lum qilamiz. Hozirgi vaqtda mamlakatimizning Sharq va Osiyo mamlakatlaridagi diplomatik vakolatxonalarida, xususan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Vladivostok, Novosibirsk, Yekaterinburg shaharlarida hamda qo‘shni mamlakatlarda ovoz berish jarayoni boshlandi”, deya ma’lumot berdi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, saylov byulletenida oldingizga bitta savol qo‘yiladi:

“Siz “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” Ikkita javob bor:
“Ha” yoki “Yo‘q”.


Maqola muallifi

Teglar

Konstitutsiya referendum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing