“Bu juda muhim uchrashuv”. Saidov Samarqandda Rubio bilan uchrashdi (video)
Jamiyat
−
12:08 1205 2 daqiqa
Bugun, 19 oktyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rubio o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
“Sizni bu yerda, Samarqandda qabul qilish biz uchun katta sharaf. Biz O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlarda juda muhim bir pallaga to‘g‘ri kelgan ushbu tashrifingizga alohida ahamiyat qaratamiz. Prezdent Shavkat Mirziyoyev va Prezident Donald Trampning mustahkam siyosiy irodasi hamda yaqin shaxsiy munosabatlari tufayli strategik sherikligimiz yangi bosqichga ko‘tarildi, siyosiy muloqotimiz esa yanada faollashdi”, deydi Baxtiyor Saidov.
.jpg)
Shuningdek, u Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik kengayib borayotganini, xavfsizlik hamda mintaqaviy masalalardagi sheriklik ham mustahkamlanayotganini qayd etgan.
“Shu sababli, biz Qo‘shma Shtatlar bilan mustahkam, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik o‘rnatish tarafdorimiz. Sizning O‘zbekistonga va Markaziy Osiyoga ko‘rsatayotgan e’tiboringizni hamda munosabatlarimizni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissangizni yuqori baholaymiz. Bugungi uchrashuv ushbu ijobiy dinamikani yanada rivojlantirishga va yangi imkoniyatlarni topishga yordam berishiga aminman”, deydi Saidov.
AQSH Davlat kotibi ham Samarqandda ekanligidan xursandligini bildirgan.
“Bizni qabul qilganingiz uchun tashakkur. Bu yerda barchamiz birga ekanligimizdan xursandmiz. Bu juda muhim uchrashuv. Biz Qo‘shma Shtatlar hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni milliy xavfsizligimiz hamda iqtisodiy farovonligimiz uchun g‘oyat muhim deb bilamiz. Prezident Tramp va beshta mamlakatning tegishli rahbarlari boshchiligida so‘nggi 11 yil davomida biz juda mustahkam munosabatlarni shakllantirdik, bu munosabatlar xalqlarimiz uchun ulkan yutuqlar va sezilarli natijalar keltirdi”, deydi Rubio.
.jpg)
Jumladan, u o‘tgan yil noyabr oyidagi C5+1 sammitidan beri QSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida 25 milliard dollardan ortiq tijorat kelishuvlari va bitimlarini ta’minlanganini hamda savdo va investitsiyalar sohasida yana 100 milliard dollardan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotganini aytgan.
“So‘nggi 10 yil davomida biz AQSH xususiy sektorining bozor liberallashuvi va amalga oshirilayotgan islohotlarga tayanib, mamlakatingiz hamda mintaqangizning jadal o‘sayotgan iqtisodiyoti taqdim etayotgan imkoniyatlarga tobora ko‘proq e’tibor qaratayotganiga guvoh bo‘ldik. Masalan, O‘zbekiston mamlakatimizning aerokosmik sanoatida ishtirok etishga rozi bo‘lgani va 22 ta Boeing Dreamliner samolyotini xarid qilganidan faxrlanamiz”, deydi AQSH Davlat kotibi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marko Rubio rafiqasi bilan birga Samarqandga kelgani haqida xabar berilgan edi. Uni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bilan birga Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, AQSH Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik kutib olgan.
Live
Barchasi