Bu yil vataniga qaytgan etnik qozoqlarning yarmi O‘zbekistondan ketgan
Olam
−
25 avgust 2025 9846 2 daqiqa
Joriy yil boshidan buyon tarixiy vataniga qaytib, “qandas” maqomini olgan etnik qozoqlar soni 8 051 kishini tashkil etgan. Ularning 44,2 foizi esa O‘zbekiston ketgan. Bu haqda Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligiga tayanib, “24kz” xabar berdi.
1991 yildan beri Qozog‘istonga qaytgan etnik qozoqlarning umumiy soni 1 mln 156,1 ming kishiga yetgan. Joriy yil boshidan buyon vataniga qaytganlarning 44,2 foizi O‘zbekistondan, 43,2 foizi Xitoydan, 5 foizi Turkmanistondan, 2,7 foizi Mo‘g‘ulistondan, 2,4 foizi Rossiyadan va 2,5 foizi boshqa mamlakatlardan bo‘lgan. Joriy yil 1 avgust holatiga ko‘ra, ularning 59,1 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar, 31,8 foizi voyaga yetmaganlar, 9,1 foizi esa pensionerlar.
Mehnatga layoqatli yoshdagi “qandas”larning ta’lim darajasiga ko‘ra, 15,7 foizi oliy, 28,1 foizi o‘rta maxsus, 53,5 foizi umumiy o‘rta ma’lumotga ega, 2,7 foizi esa ma’lumotsiz.
Qaytib borgan etnik qozoqlar respublikaning turli hududlariga joylashgan bo‘lsa-da, ularni ko‘proq ishchi kuchi yetishmaydigan hududlarga joylashtirish belgilangan: Aqmola, Abay, Qostanay, Pavlodar, Atirayu, G‘arbiy, Sharqiy va Shimoliy Qozog‘iston viloyatlari. 2025 yil uchun ushbu hududlarda “qandas”larni qabul qilish kvotasi 2 309 kishini tashkil etadi. 1 avgust holatiga ko‘ra, 1 286 kishi ushbu hududlarga ko‘chirilgan.
Ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘zda tutilgan: ko‘chib o‘tish uchun subsidiya – har bir oila a’zosiga 275,2 ming tenge miqdorida bir martalik to‘lov, uy-joy ijarasi va kommunal xizmatlar uchun esa 1 yil davomida oyiga 59 mingdan 118 ming tengagacha to‘lab beriladi. Joriy yil boshidan buyon turli ko‘mak choralaridan 563 kishi foydalangan, ulardan 221 nafari doimiy ishga joylashtirilgan.
Bundan tashqari, shimoliy hududlarga ko‘chish samaradorligini oshirish maqsadida ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha institutsion choralar qabul qilingan. Shu jumladan, iqtisodiy mobillik sertifikati joriy etilgan – uning yordamida odamlar uy sotib olish, qurish yoki ipoteka bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu yordam oilaga uy qiymatining 50 foizi yoki 4,56 mln tengagacha miqdorda, bir martalik va qaytarilmas asosda beriladi.
Live
Barchasi