Bu yil O‘zbekistonda 1 185 ta mikro GES quriladi
Jamiyat
−
18 aprel 4804 2 daqiqa
Bu yil O‘zbekistonda quvvati 65 megavatt bo‘lgan 1 ming 185 ta mikro GES barpo etiladi. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga energetika sohasidagi vazifalar ijrosi va yangi loyihalar yuzasidan taqdim etilgan axborotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, aholining energiya manbalariga talabini qondirish maqsadida har yili ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu ishlar natijasida oxirgi besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish 30 foiz ko‘payib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetgan.
2035 yilda O‘zbekistonda elektr iste’moli 121 milliard kilovatt soat bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Shu bois uzoqni o‘ylab, energetikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. 2030 yilga borib, jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bunda eng salohiyatli yo‘nalishlar suv va atom quvvatlaridan foydalanish.
Xususan, 2025-2026 yillarda umumiy quvvati 167 megavatt bo‘lgan 2 983 ta mikro GES barpo etish belgilangan. Ushbu loyihalar natijasida 500 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 151 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Qurilish davrida 1 200 nafar, loyihalar ishga tushganidan keyin 520 nafar fuqaro ishli bo‘ladi.
“Taqdimotda Energetika vaziri joriy yilda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha axborot berdi. Qayd etilganidek, bu yil quvvati 65 megavatt bo‘lgan 1 ming 185 ta mikro GES barpo etiladi. Ularning aksariyati tadbirkorlar tomonidan ishga tushiriladi”, deyiladi xabarda.
Kelgusida atom enegriyasi ham bazaviy manbalardan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda mamlakatda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Bo‘lajak stansiyaning har bir bosqichi – loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, jahonning eng ilg‘or tajribalari va xavfsizlik talablari tatbiq etiladi.
“O‘zatom” agentligi rahbari shu boradagi muzokaralar va kelishuvlar, loyihaning borishi yuzasidan axborot berdi.
Rejadagi inshootlarni o‘z vaqtida ishga tushirib, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘shimcha energiya bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan elektr energetikasini 2025-2035 yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda 2030 yilga borib 3 mingta mikro GESda 164 megavatt, quyosh va shamol qurilmalari hisobiga 750 megavatt quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgani aytilgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr