Bu yozda noyob Quyosh tutilishi sodir bo‘ladi
Bu qiziq
−
06 iyun 9374 2 daqiqa
Joriy yilning 12 avgust kuni osmonda noyob astronomik hodisa – to‘liq quyosh tutilishi sodir bo‘ladi. Ushbu hodisa davomida Oy Quyosh va Yer o‘rtasidan o‘tib, Quyosh nurini to‘liq to‘sadi. Natijada ayrim hududlarda kunduzgi vaqt qisqa muddatga qorong‘ulikka aylanadi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, to‘liq quyosh tutilishi Grenlandiya, Islandiya, Portugaliya va Ispaniyaning shimoliy qismida kuzatiladi. Shu bilan birga, Yevropa, Afrika va Shimoliy Amerikaning katta hududlarida qisman Quyosh tutilishi ko‘rinadi. Bu hodisa osmonni kuzatuvchilar uchun kam uchraydigan va katta qiziqish uyg‘otadigan tabiiy fenomen hisoblanadi.
Olimlarning aytishicha, tutilish yo‘li taxminan 8 300 kilometr uzunlikdagi hududni qamrab oladi. Grenlandiyada kuzatuvchilar ikki daqiqadan ortiq to‘liq tutilishni ko‘rishlari mumkin. Ispaniyaning shimoliy qismida esa bu jarayon juda qisqa, taxminan, 20 soniya davom etadi. Ob-havo sharoiti ham hodisani kuzatishda muhim rol o‘ynaydi, chunki bulutli havo tutilishni to‘liq ko‘rishga xalaqit berishi mumkin.
Ispaniya uchun bu hodisa tarixiy ahamiyatga ega: mutaxassislarning fikricha, bu 1905 yildan beri Ispaniya hududida birinchi marta kuzatiladigan to‘liq Quyosh tutilishidir. Bundan tashqari, mamlakat 2028 yilgacha yana bir nechta Quyosh tutilishlarini ham kuzatishi kutilmoqda.
Mutaxassislar quyoshga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarash xavfli ekanini qat’iy eslatadi. Faqat maxsus sertifikatlangan ko‘zoynaklar yoki maxsus quyosh filtrlari bilan jihozlangan teleskop va kameralar orqali kuzatish mumkin. Oddiy quyosh ko‘zoynaklari ko‘zni himoya qila olmaydi va jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Olimlar ushbu noyob hodisadan ilmiy tadqiqotlar uchun ham foydalanishni rejalashtirmoqda. Xususan, Quyoshning tashqi qatlami – tojni o‘rganish, shuningdek, tutilish vaqtida Yer atmosferasida yuz beradigan o‘zgarishlarni tahlil qilish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, yuqori balandlikdagi maxsus sharlar uchirilib, quyosh va uning soyasi harakati haqida qo‘shimcha ma’lumotlar yig‘iladi.
Mutaxassislarning aytishicha, Quyosh tutilishi nafaqat ilmiy jihatdan muhim hodisa, balki millionlab odamlarni osmonni birgalikda kuzatishga undaydigan noyob tabiiy voqeadir.
Live
Barchasi