“Bu Rossiya militaristik siyosatini targ‘ib qilish”. Jamoatchilik Toshkentda “O‘lmas polk” aksiyasi o‘tkazilishiga qarshi chiqmoqda

Tahlil

image

9 may – Ikkinchi jahon urushida sobiq sovet ittifoqi tomonidan erishilgan g‘alaba kuni yaqinlashgani sari O‘zbekistonda yana ushbu kunda “O‘lmas polk” aksiyasini o‘tkazish borasidagi muhokamalar diqqat markazida turibdi. Ijtimoiy tarmoqlar jamoatchiligi, ziyolilar aynan ushbu masalani muhokama qilarkan, O‘zbekistonda sobiq sovet ittifoqi bayrog‘i, urushga oid shiorlar, Stalin surati ostida o‘tkaziladigan “O‘lmas polk” aksiyasidan asosiy maqsad Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lganlarni xotirlash emas, balki urush va sovet g‘oyalarini, Rossiya militaristik siyosatini targ‘ib qilish, singdirish ekanini aytmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirovning “O‘lmas polk” bo‘yicha mulohazalari ushbu mavzu avj nuqtaga yetganidan dalolat. 

Alisher Qodirov: Biz bunday namoyishlarga qarshimiz!

“O‘lmas polk” – “yumshoq kuch” namoyishi, sovet birligiga targ‘ibot quroli ekanligini tushunmagan qolmadi. Biz bunday namoyishlarga qarshimiz! 

Insoniyatning fashizm ustidan g‘alabasida o‘zbek xalqining sezilarli ishtiroki bor.  Otalarimizning  bosqinchilar va buzg‘unchi millatchilarga qarshi ozodlik uchun kurashlari qiyomatgacha xotiralanishi va qadrlanishi kerak. 

Biz uchun qadrlash ularning suratlarni shahar bo‘ylab kezdirish emas,  ruhlariga duolar qilish,  ular uchun u dunyoning yaxshiliklarini tilashdir. 

Shahidlarimizning pok xotirasini qadrlash kerak, manfur siyosiy maqsadlarga yana bir marta qurbon qilish emas! 

Ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘lmas polk” aksiyasini o‘tkazish tarafdorlari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga xat bilan murojaat qilgan. Ular Toshkentda qizil bayroq ostida yurish qilish uchun SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1988 yil 28 iyulda qabul qilingan N 9306-XI sonli farmonini asos qilib ko‘rsatgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi esa SSSR Oliy Soveti Prezidiumining ushbu farmoni mustaqil O‘zbekistonda hamon amal qilishini tasdiqlagan. 

Mavzu jiddiy va ta’sirchan kuchga ega. Bunda esa blogerlar ham chetda turgani yo‘q. Xususan Muhrim Ag‘zamxo‘jayev o‘z kanalida “polkchilar”ning maqsadi faqat xotira emasligi, bunda siyosiy manfaat yoshiringanini yozadi. 

Muhrim Ag‘zamxo‘jayev: ...ayniqsa, siyosatga aloqasi yo‘qligiga ishonishim kerak!

— Agar ruxsat berilsa, “O‘lmas polk”ning yurishi Birodarlik qabristonidan boshlanib, Grand Mir mehmonxonasi oldidan Mirobod ko‘chasiga burilib, Xotira maydonidagi Mangu olovgacha davom etarkan. E’lon qilingan chizmada (IIBBga ham shu xarita berilgan bo‘lsa kerak) mehmonxona nomi “Rossiya” deb ko‘rsatilibdi. To‘g‘ri, xalq orasida hali ham shu nom mashhurroq, boshqa “polkparastlar”ga tushunarliroq bo‘lsin deyishgandir, balki. Lekin, shuncha xat-hujjatda har narsani o‘z (rasmiy) nomi bilan atab, xaritaga kelganda mehmonxonaning eski nomini eslab qolishgani g‘alati ko‘rindi.

Yana bir jihat: IIBB boshlig‘i nomiga berilgan arizada o‘tkazilmoqchi bo‘linayotgan tadbir shunday ataladi: “1941—1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 77 yilligiga sharafiga “O‘lmas polk” xalq-vatanparvarlik yurishi”. Shu tadbirni o‘tkazish ishqidagi faollarning Telegram’dagi kanali ta’rifiga esa bunday yozilgan: “1941—1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushidagi SSSR G‘alabasi sharafiga “O‘lmas polk” xalq-vatanparvarlik yurishi va shunga bog‘liq mavzular”. IIBBga berilgan arizada g‘alaba SSSRniki ekanini eslatishmabdi. Shu joyida sal hijolat bo‘lishgan, shekilli. O‘zlarining nosamimiyliklaridan, maqsadlari bor-yo‘g‘i o‘sha urushda halok bo‘lganlarni eslash emas (shugina bo‘lsa, bayroq ko‘tarib, ko‘chada yurish shart emas-ku), maqsadlari sal boshqacharoq, sal siyosiyroq ekanidandir, balki.

Endi men shu odam(lar) Toshkent markazida to‘da-to‘da bo‘lib, faqat va faqat urushda halok bo‘lgan ota-bobolarini xotirlamoqchi ekaniga, shundan boshqa maqsadlari, ayniqsa, siyosatga aloqasi yo‘qligiga ishonishim kerak. 

Tilshunos bloger Eldor Asanovga ko‘ra, nafaqat “O‘lmas polk”, balki 9 may kuni ham Rossiya militaristik siyosatini targ‘ib qiladigan vositaga aylanib qolgan.

Eldor Asanov: Bu Ukrainaga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi

— Birinchidan, 9 may allaqachon Rossiya militaristik siyosatini targ‘ib qilish, aholini jazavaga tushirib, urush kayfiyatini tarqatishga xizmat qiladigan bayramga aylanib qolgan. Ukrainaga bostirib kirish oldidan 9 mayga katta urg‘u berilib, shu orqali rossiyaliklar urushga tayyorlangani sir emas. Bu sanani nishonlaganda Rossiyaning ritorikasidan uzilib, "o‘z bobolarimizning qahramonliklarini yod etyapmiz", deb o‘tkazishimiz mumkin, ammo buni ham to‘g‘ri tushuntirish, to‘g‘ri tashkillashtirish kerak bo‘ladi. Harqalay, “O‘lmas polk” singari aksiyalar, rus propagandasining ramzlari darhol Rossiya militarizmi bilan assotsiatsiya uyg‘otadi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, bu Ukrainaga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi, boshqa mamlakatlar ham O‘zbekistonning tashqi siyosiy moyilliklaridan shubhalana boshlaydi.

Ikkinchidan, aslida Rossiyaning o‘zi ham bu yil bu bayramni nishonlamagani ma’qul. Maqtalgan "dunyoning ikkinchi armiyasi" aslida real harbiy tayyorgarlikka va tajribaga ega emasligini, haligacha sovet taktika va strategiyalarida qolib ketganini ko‘rsatib qo‘yib, butun dunyoga sharmanda bo‘ldi. Shunday vaqtda Qizil armiyaning g‘alabalarini nishonlash Rossiya armiyasining ustidan kulish bo‘lib qoladi. Ya’ni, aslida bu bilan aqlli, sog‘lom fikrdagi rossiyaliklarni ham ranjitib qo‘yish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Toshkent shahar hokimligi pandemiya sharoitida o‘rnatilgan karantin talablaridan kelib chiqib, “O‘lmas polk” aksiyasining o‘tkazilishiga rad javobini bergan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

O'lmas polk

Baholaganlar

267

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing