Putin Rossiyasining quroliga aylangan “O‘lmas polk” – xotirami yo siyosat?

Tahlil

image

Sovet Ittifoqining fashistlar Germaniyasi ustidan qozongan g‘alabasi niqobi ostida o‘tkazilib kelingan “O‘lmas polk” marshi qamrovi yildan yilga tobora kengayib borayotgan edi.   Hattoki,   AQSHning deyarli barcha shtatlarida yurish o‘tkazilishi haqida xabarlar tarqalgan edi.   Biroq 2022 yilga kelib holat dramatik tarzda o‘zgardi. “Rossiya O‘lmas polki”ning AQSHdagi vakiliga ko‘ra, 40 ga yaqin shtat o‘z hududida marsh o‘tkazilishi haqida e’lon qilgan,  ammo dunyodagi vaziyat keskin o‘zgarganligi va taqiqlar ortidan rus siyosiy propagandasi “ado qilinmasligi” mumkin.   Shu yilning bahorida o‘zbek jamiyatida “O‘lmas polk” marshining o‘tkazilishi bo‘yicha xabarlar tarqaldi, jamiyatda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi, biroq rasmiy munosabat berilmadi. 

QALAMPIR.UZ “polk” tarixi, tashabbuskorlari, “rus propaganda quroli”ga qanday aylanib qolgani va O‘zbekistonda nega nishonlangani haqida ma’lumot beradi.  

Nega aynan “O‘lmas polk” marshi? Uni kim o‘ylab topgan?

Sovet Ittifoqi va Rossiya uzoq vaqt davomida fashistlar Germaniyasiga qarshi urushni qanday xotirlash kerakligi haqida dilemmada qolgan.   Iosif Stalin davrida rasmiy qurbonlar soni 27 million emas, 7 million deb ko‘rsatilgan. SSSRda G‘alaba kuni 1965 yilgacha rasmiy bayram sifatida nishonlanmagan.   

Negaki, Molotov-Ribbentrop pakti (SSSR va Gitler Germaniyasi o‘zaro hujum qilmaslik hamda Polshani ikkiga bo‘lib olish haqida kelishib olgan) tuzilganligi, urushning dastlabki yilidagi dahshatli sovet qurbonlari, “Lend-lizing” dasturi orqali Britaniya va AQSH yordamining ahamiyati, Stalinning repressiya siyosati ko‘plab harbiy asirlarni GULAG arxipelagiga qaytarishi kabi masalalar va boshqa ko‘plab faktlar urush ko‘rmagan avlodlarga “rivoyat”ni qanday aytib berishni qiyinlashtirar edi. Aholi orasida urush haqidagi xotiralar sezilarli darajada kamayganidan so‘ng, ularga yangi, voqealari biroz o‘zgartirilgan “hikoya” kerak edi.  

“O‘lmas polk” g‘oyasi 2011 yilda Sibirning Tomsk shahridagi “Abadiy alanga” yodgorligida uch do‘st “G‘alaba kuni”ni nishonlayotganida tug‘ilgan.   

“Bu g‘oya hozirda Sankt-Peterburgda yashovchi hamkasbim Igor Dmitriyevniki.   [G‘alaba kuni] biz uchun har doim muhim bo‘lgan. Hammamiz urush askarlarining nevaralari edik, uchalamizning ham bobolarimiz jang qilgan. Shunda, Igor vaqt o‘tishi nimaga xizmat qilayotganini payqadi:   faxriy urush qatnashchilari kamayib borar edi, aksincha, balandparvoz nutqlar ko‘paydi. Shuning uchun u: “Kelgusi yil bobolarimiz portretlari bilan parad tashkil qilaylik”, dedi. 

Biz bayramni bosh qahramonlarga – urushdan omon qolgan va bugungi kunda yashayotganimiz uchun cheksiz minnatdor bo‘lgan insonlarga qaytarishni xohladik. To‘g‘ri, biroz pafosli tuyulishi mumkin, ammo biz shunday bo‘lishini xohladik”, degan “polk” tashabbuskorlaridan Sergey Lapenkov.  

Keyingi yili, 2012 yilda, uchovlon (Sergey Lapenkov, Sergey Kolotovkin va Igor Dmitriyev) o‘z g‘oyalarini ommaga e’lon qildi, boshqalar unga aks-sado berdi. “O‘lmas polk” aksiyasi ilk bor 2012 yilda Tomskda bo‘lib o‘tdi. 9 may kuni o‘tkazilgan paradda 6 000 ga yaqin mahalliy aholi urushda qatnashgan ajdodlari portretlari bilan to‘plandi. Marsh tamoyillari uning nizomida yozib qo‘yildi: “O‘lmas polk” – notijoriy,   nosiyosiy,   har qanday mafkuraga yot bo‘lgan nodavlat fuqarolik tashabbusi.  

Haqiqiy va soxta polk

2015 yilda “O‘lmas polk” bilan parallel ravishda Moskvada “Rossiyaning O‘lmas polki” harakati paydo bo‘ldi. Uning tashkilotchisi “G‘alaba ko‘ngillilari” Butunrossiya jamoat harakati bo‘lib, federal va idoraviy byudjetlardan subsidiyalanadi va aksiyalarning o‘zi “Rospatriotsentr” va “Rosmolodej” homiyligida o‘tkaziladi.   

Yaqin davrgacha ikki harakat o‘rtasida prinsipial kelishmovchiliklar yo‘q bo‘lgan. 2019 yilda ularning rahbarlari marshni tashkil etish va o‘tkazishning yagona tamoyillari to‘g‘risidagi shartnomani imzolaganlar.   Biroq, 2022 yilda “Rossiya O‘lmas polki” hammuassisi, Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Yelena Sunayeva Afg‘oniston, Checheniston va Ukrainada halok bo‘lgan harbiylarning fotosuratlari ham marshda olib chiqilishi haqida so‘z ochdi. Joriy yilda ikki polk bir-biridan siyosiy qarashlarda ajraldi, umuman olganda, “O‘lmas polk”ning asli o‘z tamoyillariga sodiq qoldi, ikkinchisi esa “ajdodlarni xotirlash” harakatiga siyosiy tus berishni istadi. “O‘lmas polk”ning original mualliflari harakatning bosh tamoyilini, mazmun-mohiyatini buzib ko‘rsatmaslikni iltimos qilib chiqdi.  

Nega Kreml Ukraina bilan urushda halok bo‘lgan harbiylarning “O‘lmas polk”da xotirlanishini istamoqda?

O‘tgan yillarda Prezident Putin 9 may kunidan Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan 27 million sovet fuqarolari xotirasiga bag‘ishlangan va deyarli ilohiylashtirilgan Rossiyaning bayramidan xalqni yangi ehtimoliy urushga safarbar qilish uchun foydalangan deyish mumkin. O‘tgan yilning 9 may kuni Qizil maydonda minbardan turib xalqqa murojaat qilganida u Rossiyaning dushmanlari yana “natsistlar mafkurasidan ko‘proq foydalanayotgani” haqida ogohlantirgandi.   

Endilikda davlat matbuoti Rossiya bosqiniga qarshilik ko‘rsatgan ukrainaliklarni “natsistlar” deb atab, kurashni Ikkinchi jahon urushining tugallanmagan ishi sifatida ko‘rsatmoqda. Prezident Putin kelasi hafta Rossiya uchun “G‘alaba kuni”da o‘z nutqidan foydalanib, Ikkinchi jahon urushidagi sovet askarlari qahramonliklarini namuna qilib ko‘rsatib, ruslarni ko‘proq qurbonlik qilishga ruhlantirishi deyarli haqiqatga yaqin. Prezident Putinning Ukrainadagi “missiya”sini oqlash uchun o‘ylab topgan rivoyatlari “G‘alaba kuni” haqidagi ulug‘vor, nostalgik ertaklarga juda o‘xshaydi. Biroq, Rossiyani yaqindan kuzatib boradigan tahlilchilarga ko‘ra, Prezident Putin rasmiy ravishda harbiy holat e’lon qilmaydi va harbiy yoshdagi rossiyalik erkaklarning ommaviy safarbarlikka chaqirilishi haqiqatdan yiroq ko‘rinmoqda.

 

Dunyo marshga qanday qaraydi?

“O‘lmas polk” 2015 yildan boshlab xalqaro harakatga aylangan. Xususan, o‘sha yilda 17 ta davlatda, 2016 yilda esa 42 ta davlatning 1150 ta hududida bo‘lib o‘tgan. Pandemiya davriga kelib esa, ya’ni 2020-2021 yillarda ommaviy harakat kasallik yuqishi xavfi mavjudligi uchun o‘tkazilmadi. Bu yilga kelib ba’zi davlatlarda marsh onlayn o‘tkaziladigan bo‘ldi, ba’zi davlatlar esa harakatni taqiqladi.   AQSH, Buyuk Britaniya va Irlandiya rasmiylari 9 may kuni “Ulug‘ Vatan urushi” faxriylari portretlari tushirilgan an’anaviy yurishni taqiqlagan. Bu haqda “Rossiya O‘lmas polki” harakati markaziy shtab-kvartirasi hamraisi Sergey Makarov xabar bergan.   

Germaniya rasmiylari marshni hali rasman taqiqlagani yo‘q, biroq tadbirning “muqobil” formati ustida ishlamoqdalar.   

Qozog‘iston rasmiylari ommaviy marsh onlayn tarzda o‘tkazilishini bildirgan.   

Boshqa bir sobiq Ittifoq davlatida “O‘lmas polk” aksiyasi tashkilotchilaridan birini “xavfsizlik nuqtai nazaridan” mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilindi. Estoniya Qo‘riqlash politsiyasi Yesakovning mamlakatdan chiqarib yuborilishiga o‘z Twitter sahifasida “9 mayni xavfsiz o‘tkazish” deya izoh bergan. 

Bishkekda esa “O‘lmas polk” marshi o‘tkazilishi taqiqlanmaganligini poytaxt hokimi Emilbek Abdiqodirov brifingda ma’lum qilgan. “Bu yil ham odatdagidek o‘tkaziladi. Hozir tadbirni rejalashtirmoqdamiz”, deydi u.  

 
O‘zbekistonda “O‘lmas polk” nishonlanganmi?

Avvalroq ta’kidlanganidek, “asl” (“haqiqiy” va “soxta” polk borligini esdan chiqarmaslik kerak) “O‘lmas polk”ning o‘tkazilishidan maqsad va umuman, uning ma’no-mazmuni “Ulug‘ Vatan urushi”da fashistlarga qarshi kurashib, zulm ustidan g‘alabaga erishganliklari uchun minnatdorchilik sifatida qurbonlarni xotirlash, e’zozlash bo‘lgan. Harakat o‘z oldiga “yo‘riqnoma” qilib olgan ushbu tamoyillar, O‘zbekistonda 1999 yilda  9 mayni “G‘alaba kuni” emas, “Xotira va qadrlash kuni” sifatida nishonlash bo‘yicha Prezident Farmoni qabul qilinganidayoq belgilab olingan. Islom Karimov bu bilan quyidagi juda murakkab savolga javob bergan: qay biri muhimroq: dushmanimiz ustidan g‘alaba qozonilganini bayram qilish yoki erkinligimiz uchun qurbon berilganlarni xotirlash?

Shu sababdan mamlakatimizda insonlar xotirasi ustuvorligi qadriyat qilib olindi va o‘n yetti yil mobaynida biz unga amal qildik, biz “O‘lmas polk”ni o‘tkazmadik, chunki bizning o‘zimizga xos, milliy xotirlash qadriyatimiz bor.   Bu kun Birinchi Prezident davrida xotira va qadrlash kuni sifatida keng targ‘ib qilingani uchun odamlar yaqinlarining qabriga chiqib, duo qilishga odatlangan.  

Biroq so‘nggi yillarda O‘zbekistonga siyosiylashgan “O‘lmas polk” kirib kelishga urinmoqda. Hattoki, 2018 yilda minglab odamlardan tashkil topgan rus propagandasi marshi Toshkent shahrida o‘tkazilishigacha yetib bordi, insonlar Rossiya bayroqlarini boshi uzra ko‘tardi, ba’zilar Georgiy lentalarini taqib chiqdi. Afishalar, shiorlar orasida Stalinning surati va iqtiboslari ham ko‘rinish berdi. “9 may kuni Toshkent shahrida, Volgograd yodgorlik majmuasi hududida Rossotrudnichestvoning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan “O‘lmas polk” xalqaro aksiyasi bo‘lib o‘tdi” deya xabar bergan “O‘lmas polk”ning rasmiy sayti (2018 yil 18 may).  

Ukrainaga adolatsizlik qilingan bo‘ladi

O‘zbekistonda shu yil 9 may kuni “O‘lmas polk” yurishi o‘tkazilishi bo‘yicha harakat faollari, hattoki, Toshkent shahar hokimiyatidan ruxsat olib bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi. Biroq bu jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Holatga bloger Muhrim Ag‘zamxo‘jayev,   Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” DP raisi Alisher Qodirov, taniqli filolog Eldor Asanov munosabat bildirib chiqishdi. Xususan,  Alisher Qodirov: “O‘lmas polk” – “yumshoq kuch” namoyishi, sovet birligiga targ‘ibot quroli ekanligini tushunmagan qolmadi. Biz bunday namoyishlarga qarshimiz!” deya keskin munosabat bildirgan.   

O‘z navbatida, Eldor Asanov “marshni o‘tkazishimiz uzoq yillik do‘stimiz Ukrainaga adolatsizlik bo‘lishi”ni ta’kidlagan. Negaki, aksiyada Rossiya va SSSR bayroqlari, Georgiy lentalari, “Z” (“Za pobedu”) harfi tushirilgan belgilar bilan chiqishadi. Bu esa Rossiyaning Ukrainadagi bosqinini o‘z-o‘zidan qo‘llab-quvvatlashni anglatadi.  

O‘tgan yil ham Toshkent shahrida marsh o‘tkazilishi to‘g‘risida asossiz xabarlar tarqalgan edi. Bunga shahar hokimligi 2021 yilning 6 may kuni rasmiy munosabat bildirib,   aksiyani o‘tkazishga ruxsat berilmaganligini ma’lum qilgan.  

Xo‘sh, bu yil ham rasmiy Toshkent “9 may – Xotira va qadrlash kuni” qadriyatiga sodiq qoladimi?

Sardor Begalov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Putin O'lmas polk

Baholaganlar

296

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing