Bu Putinga signal – Stoltenberg Rossiyani ogohlantirdi
Olam
−
29 iyun 2022
25202Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga alyans eshigi yangi davlatlar uchun ochiqligidan signal beradi. Bu haqda tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenberg kecha, 28 iyun kuni Madridda Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari Anqaraning ushbu davlatlarni qabul qilish bo‘yicha e’tirozlarini bekor qilish bo‘yicha Memorandum imzolaganidan so‘ng, matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Bu Prezident Putinga NATO eshigi yangi davlatlar uchun ochiq bo‘lib qolishi haqidagi signaldir. Bu yanvar oyida u [Putin] Yevropada xavfsizlik kafolati bo‘yicha taklif qilgan shartnomaning aksidir”, deydi Stoltenberg.
Bosh kotibning qayd etishicha, Vladimir Putin NATO Rossiya chegaralaridan uzoqroq bo‘lishini xohlagan. Bunga javoban esa NATO Rossiya sarhadlariga yanada yaqin kelmoqda.
Bugun, 29 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan sammitda alyans yetakchilari Finlyandiya va Shvetsiyani NATOga qo‘shib olish to‘g‘risida qaror qabul qilishadi, biroq alyansga kirish sanasi hozircha noma’lum, chunki qo‘shilish protokoli avvalo NATOga a’zo barcha mamlakatlar parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak.
Stoltenbergga ko‘ra, NATO ilgari Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilmaslik, neytral davlatlar bo‘lib qolish, balki NATO bilan qimmatli hamkorlar sifatida ishlash haqidagi qarorini hurmat qilgan.
“Endi ular NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilishdi va biz buni qo‘llab-quvvatladik. Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi bu davlatlar uchun muhim ahamiyatga ega. Faqat xaritaga qarang va ular Boltiqbo‘yi mintaqasidagi vaziyatni butunlay o‘zgartirishini tushunasiz. Ular Boltiqbo‘yi mamlakatlari – Estoniya, Litva va Latviyani qamrab oladi, shuningdek, dunyoning ushbu qismida mavjudligimizni kuchaytirishga imkon beradi”, deydi tashkilot Bosh kotibi.
Stoltenberg NATOga a’zo bo‘lgandan keyin bu ikki davlatning harbiy jihatdan rivojlanishi bo‘yicha NATOning rejalari qandayligiga aniqlik kiritmagan.
Ma’lumot uchun, Rossiya joriy yilning yanvar oyida NATOni sharqda kengaytirmaslik, sobiq SSSR davlatlarining ittifoqqa qo‘shilmaslik va Ukraina hududida harbiy faoliyatni taqiqlash to‘g‘risidagi bandlardan iborat xavfsizlik kafolati shartnomasini alyansga taqdim etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi, Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – Kurdiston ishchi partiyasi, Suriya xalq mudofaasi otryadi va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. Qolaversa, milliy qurol-yarog‘ embargosi olib tashlanadi.
Ushbu kelishuvlardan so‘ng, AQSH Prezidenti Jo Bayden Twitter'dagi sahifasiga Finlyandiya Prezidenti va Shvetsiya Bosh vaziri bilan tushgan suratini joylashtirib, Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiyani o‘zaro muloqotning muvaffaqiyatli yakuni bilan tabrikladi.
LiveBarchasi